Chevrolet sug‘urtasi eng arzon brendlar qatoriga kirdi

20-avgust 2026 17:33 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Chevrolet sug‘urtasi eng arzon brendlar qatoriga kirdi
Foto: GM Authority

Buick, Chevrolet va GMC 2026-yilda AQShda sug‘urta xarajatlari nisbatan past bo‘lgan avtomobil brendlari qatoridan joy oldi. Consumer Reports va Insurify ma’lumotlariga ko‘ra, Cadillac esa General Motors tarkibidagi eng qimmat sug‘urtalanadigan brendlardan biri bo‘ldi.

Insurify AQSh bo‘ylab yirik sug‘urta kompaniyalarining 90 mln dan ortiq real takliflarini tahlil qilgan. Natijalarga ko‘ra, Chevrolet avtomobillari uchun o‘rtacha yillik sug‘urta to‘lovi $2 704, Buick uchun $2 676, GMC uchun esa $2 786 ni tashkil qilgan. Cadillac’da bu ko‘rsatkich ancha yuqori — yiliga o‘rtacha $3 500.

Nega premium avtomobillar qimmatroq sug‘urtalanadi

Consumer Reports izohiga ko‘ra, premium va yuqori unumdorlikka mo‘ljallangan avtomobillar odatda qimmatroq sug‘urtalanadi.

Bunga ta’mirlash xarajatlari, avtomobilning o‘g‘irlanish xavfi, avariya statistikasi va mashina narxi ta’sir qiladi. Cadillac’ning yuqori sug‘urta narxi ham shu omillar bilan izohlanmoqda.

Insurify ma’lumotlariga ko‘ra, pikaplarni sug‘urtalash o‘rtacha hisobda sedanlarga qaraganda qariyb 16 foizga arzon. Sedanlarda esa sug‘urta xarajatlari SUV va pikaplarga nisbatan yuqoriroq bo‘lgan.

Bu holat GM’ning ayrim yuk avtomobillari va pikaplari sug‘urta xarajatlari bo‘yicha yaxshi natija ko‘rsatishiga yordam bergan bo‘lishi mumkin.

Sug‘urta narxi faqat avtomobilga bog‘liq emas

Sug‘urta kompaniyalari haydovchining yoshi, yashash joyi, haydovchilik tarixi va kredit reytingini ham hisobga oladi. Bundan tashqari, avtomobildagi xavfsizlik tizimlari, avariya testlaridagi natijalar va o‘g‘irlikka qarshi himoya vositalari sug‘urta narxini pasaytirishi mumkin.

Erie Insurance vakili Robert Li avtomobil sotib olishdan oldin bir nechta model bo‘yicha sug‘urta narxlarini solishtirib ko‘rishni tavsiya qilgan.

Insurify tahlilchisi Mett Brannon esa arzonroq avtomobil avariyada butunlay yaroqsiz holga kelsa, uni almashtirish sug‘urta kompaniyasiga qimmatroq modelga qaraganda kamroq tushishini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq endi GM avtomobillarida bo‘yin yostiqchasi bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Patent tavsifiga ko‘ra, yostiqcha ishlatilmayotganda o‘rindiq suyanchig‘i ichidagi maxsus bo‘limda to‘liq yig‘ilgan holatda turadi.

Shuningdek