Smartfon, dori va sigaret: Chilonzorda yirik kontrabanda fosh etildi

Xorijdan O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilgan katta miqdordagi tovar-moddiy boyliklar aniqlandi. Bu holat Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida aniqlandi.
Yuk mashinasidan nimalar topildi
Tadbir davomida Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi, 2001-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi yuk avtomobili Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi bojxona omborida xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv natijasida tranzit deklaratsiyasi va yo‘l kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan quyidagi mahsulotlar aniqlangan:
- 2 490 dona tibbiy buyum;
- 13 794 quti dori vositasi;
- 880 dona biologik faol qo‘shimcha;
- 273 370 quti sigaret va tamaki mahsuloti;
- 3 131 dona elektron sigareta;
- 8 591 dona uyali telefon;
- 19 dona planshet;
- 52 dona parfyumeriya mahsuloti.
Qurilish jihozlari ham hujjatlarga mos kelmagan
Bundan tashqari, hujjatlarda ko‘rsatilgan miqdori va boshqa xususiyatlari amaldagi holatiga mos kelmaydigan 72 501 dona qurilish asbob-uskunasi ham aniqlangan.
Uch fuqaro til biriktirgani aytilmoqda
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuk avtomobili egasi poytaxtda yashovchi, 1978 va 1995-yillarda tug‘ilgan ikki fuqaro bilan til biriktirib, tovarlarni qo‘shni davlatdan qalbaki bojxona hujjatlari asosida O‘zbekistonga olib kirgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Mazkur holat yuzasidan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda kannabis moyi va 12,9 ming dona taqiqlangan kofe ushlangani haqida yozgandi.