Smartfon, dori va sigaret: Chilonzorda yirik kontrabanda fosh etildi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Uch fuqaro til biriktirgani aytilmoqda
Qalbaki bojxona hujjatlari bilan O‘zbekistonga olib kirilgan minglab tovarlar aniqlandi
Foto: depositphotos.com

Xorijdan O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilgan katta miqdordagi tovar-moddiy boyliklar aniqlandi. Bu holat Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida aniqlandi.

Yuk mashinasidan nimalar topildi

Tadbir davomida Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi, 2001-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi yuk avtomobili Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi bojxona omborida xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Foto: Xavfsizlik.uz

Tekshiruv natijasida tranzit deklaratsiyasi va yo‘l kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan quyidagi mahsulotlar aniqlangan:

  • 2 490 dona tibbiy buyum;
  • 13 794 quti dori vositasi;
  • 880 dona biologik faol qo‘shimcha;
  • 273 370 quti sigaret va tamaki mahsuloti;
  • 3 131 dona elektron sigareta;
  • 8 591 dona uyali telefon;
  • 19 dona planshet;
  • 52 dona parfyumeriya mahsuloti.

Qurilish jihozlari ham hujjatlarga mos kelmagan

Bundan tashqari, hujjatlarda ko‘rsatilgan miqdori va boshqa xususiyatlari amaldagi holatiga mos kelmaydigan 72 501 dona qurilish asbob-uskunasi ham aniqlangan.

Uch fuqaro til biriktirgani aytilmoqda

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuk avtomobili egasi poytaxtda yashovchi, 1978 va 1995-yillarda tug‘ilgan ikki fuqaro bilan til biriktirib, tovarlarni qo‘shni davlatdan qalbaki bojxona hujjatlari asosida O‘zbekistonga olib kirgan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Mazkur holat yuzasidan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda kannabis moyi va 12,9 ming dona taqiqlangan kofe ushlangani haqida yozgandi.

Shuningdek