Samsung Galaxy S27 Ultra dizayni keskin o‘zgarishi mumkin

26-avgust 2026 17:24 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Samsung Galaxy S27 Ultra dizayni keskin o‘zgarishi mumkin
Foto: Samsung

Samsung‘ning 2027-yil boshida taqdim etilishi kutilayotgan Samsung Galaxy S27 Ultra modeli oid yangi CAD-renderlar internetda paydo bo‘ldi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.

Galaxy S27 qatoriga bu safar to‘rtta asosiy model kirishi ehtimoli bor: Galaxy S27, Galaxy S27+, Galaxy S27 Pro va Galaxy S27 Ultra. Hozircha Samsung ushbu qurilmalar yoki ularning dizayni haqida rasmiy ma’lumot bermagan, shu sababli tarqalgan tasvirlar yakuniy mahsulot ko‘rinishidan farq qilishi mumkin.

Galaxy S27 Ultra gorizontal kamera blokini olishi mumkin

Galaxy S27 Ultra’dagi eng katta tashqi o‘zgarish uning orqa kameralarida kuzatilishi mumkin. Android Headlines tomonidan OnLeaks ma’lumotlariga asoslanib e’lon qilingan 3D CAD-renderlarda smartfonning orqa qismida katta gorizontal to‘rtburchak kamera bloki ko‘rsatilgan.

Unda uchta asosiy kamera joylashtirilgani ko‘rinadi. Bu Samsung so‘nggi yillarda Ultra modellarida qo‘llab kelayotgan alohida vertikal kamera halqalari dizaynidan sezilarli darajada farq qiladi.

Yangi yechim tashqi ko‘rinishi jihatidan iPhone 17 Pro Max’dagi keng kamera blokiga o‘xshatilmoqda. Biroq bu Samsung aynan Apple dizaynini takrorlaydi degani emas – hozircha gap faqat sizib chiqqan CAD-chizmalar haqida ketmoqda.

Shunga qaramay, renderlar haqiqiy bo‘lib chiqsa, Galaxy S27 Ultra so‘nggi bir necha avlod ichidagi eng katta tashqi dizayn o‘zgarishlaridan birini olishi mumkin.

Smartfon o‘lchamlari deyarli o‘zgarmaydi

Kamera qismidagi katta o‘zgarishga qaramay, Galaxy S27 Ultra korpus o‘lchamlari Galaxy S26 Ultra bilan deyarli bir xil bo‘lishi aytilmoqda.

Sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S27 Ultra o‘lchamlari 163,76 × 78,25 × 7,97 mm bo‘lishi mumkin. Taqqoslash uchun, Galaxy S26 Ultra 163,6 × 78,1 × 7,9 mm o‘lchamga ega.

Demak, yangi model balandligi va kengligi bo‘yicha atigi millimetrning bir necha o‘ndan bir qismiga kattalashishi mumkin.

Shuningdek, S27 Ultra’da S Pen stilusi uchun korpus ichidagi maxsus joy saqlanib qolishi kutilmoqda. Pastki dinamik ham Galaxy S26 Ultra’dagi kabi chap tomonda qolishi mumkin. Samsung bunday joylashuvdan Galaxy Note 20 Ultra davridan beri foydalanib keladi.

Galaxy S27 Pro ham yangi dizayn olishi mumkin

Yangi renderlardagi yana bir qiziq jihat Galaxy S27 Pro modeliga tegishli.

Avvalgi mish-mishlarda S27 Pro imkoniyatlari va dizayni bo‘yicha Ultra’dan ko‘ra Galaxy S27+’ga yaqin bo‘lishi aytilgan edi. Biroq yangi CAD-tasvirlarda Pro modeli ham S27 Ultra’ga o‘xshash yangilangan kamera blokiga ega ekanini ko‘rish mumkin.

Uning kamera qismi Ultra’dagidan kichikroq, lekin Samsung’ning hozirgi vertikal kamera dizayniga qaraganda kengroq ko‘rinadi.

Bu Galaxy S27 Pro’ning ixchamroq Ultra sifatida joylashtirilishi mumkinligi haqidagi taxminlarni keltirib chiqardi. Bunday holatda Samsung’ning Pro va Ultra modellari o‘rtasidagi munosabat Apple’dagi iPhone Pro hamda Pro Max konsepsiyasiga yaqinlashishi mumkin.

Biroq renderdagi bu element xato bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Bundan tashqari, Pro modelining Ultra’ga o‘xshash kamera blokini olishi uning kameralar texnik jihatdan ham Ultra darajasida bo‘lishini anglatmaydi.

Oddiy Galaxy S27 modellari ham o‘zgaradi

Sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S27, Galaxy S27+ va Galaxy S27 Pro’ning pastki qismidagi dinamik joylashuvi ham o‘zgarishi mumkin.

Hozirgi modellarda pastki dinamik chap tomonda joylashgan bo‘lsa, yangi avlodda u korpusning o‘ng tomoniga ko‘chirilishi aytilmoqda.

Galaxy S27 Ultra esa eski joylashuvni saqlab qolishi mumkin. Shu tariqa Samsung Ultra modelini seriyaning qolgan qurilmalaridan nafaqat kamera tizimi, balki ayrim korpus elementlari orqali ham ajratishi mumkin.

Hozircha ushbu o‘zgarishlarning sababi noma’lum.

Galaxy S27 Ultra 5 700 mA·soat batareya olishi mumkin

Dizayndan tashqari, Galaxy S27 Ultra’ning ayrim texnik xususiyatlari ham sizib chiqdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon Snapdragon 8 Elite Extreme Gen 6 protsessori bilan jihozlanishi mumkin. Qurilmada kamida 12 GB tezkor xotira va 256 GB ichki xotira taklif qilinishi aytilmoqda.

Batareya sig‘imi 5 700 mA·soatga yetishi mumkin. Shuningdek, smartfon 60 Vt quvvatli simli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.

Yana bir muhim yangilik – korpus ichiga o‘rnatilgan magnitlar yordamida 25 Vt quvvatli Qi2 simsiz quvvatlash texnologiyasining qo‘llab-quvvatlanishi mumkin.

Galaxy S27 Ultra One UI 9.5 interfeysi bilan chiqarilishi va yetti avlod Android operatsion tizimi yangilanishlarini olishi haqida ham ma’lumotlar bor. Biroq Samsung bu xususiyatlarni hozircha rasman tasdiqlamagan.

Rasmiy taqdimot 2027-yil boshida kutilmoqda

Samsung Galaxy S27 seriyasini 2027-yil boshida taqdim etishi kutilmoqda. Shu sababli qurilmalar haqidagi ma’lumotlar hali bir necha marta o‘zgarishi mumkin.

Hozirgi CAD-renderlar eng katta o‘zgarish Galaxy S27 Ultra’ning kamera dizaynida yuz berishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Galaxy S27 Pro’ning ham Ultra’ga yaqin tashqi ko‘rinishga ega bo‘lish ehtimoli esa yangi seriyaning model qatorini avvalgidan sezilarli farqlashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S26 Ultra smartfonining narxi arzonlashgani haqida yozgan edi.

Shuningdek