
Li Auto kompaniyasi yangilangan Li Auto Mega elektr minivenini 2-sentabr kuni Xitoyda rasman taqdim etadi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Modelning asosiy o‘zgarishlari salon bilan bog‘liq bo‘lib, avtomobil aylanuvchi o‘rindiqlar, yig‘ma stol, uzun shift chirog‘i va yangi qulaylik funksiyalarini oladi. Kompaniya Mega’ni «uydan tashqaridagi uy» konsepsiyasiga yanada yaqinlashtirmoqchi.
Yangilangan modelning narxi hozircha e’lon qilinmagan. Amaldagi Li Mega Ultra 529,8 ming yuan, ya’ni qariyb $78,8 ming, Home versiyasi esa 559,8 ming yuan yoki taxminan $83,3 ming turadi. Yangi modelning narxi $80 ming atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Salon «mobil mehmonxona»ga aylantiriladi
Yangilanishdagi eng katta o‘zgarishlardan biri ikkinchi va uchinchi qatorlar oralig‘ida uzunlamasiga joylashtirilgan katta shift chirog‘i bo‘ladi. Li Auto rahbari Li Syanning aytishicha, u salonni yanada yorug‘ qilib, avtomobil ichida «mehmonxona»ga o‘xshash muhit yaratishi kerak.
Ikkinchi qatordagi o‘rindiqlar avvalgidek aylanish va oldinga-orqaga surilish imkoniyatiga ega. Markazdagi yig‘ma stol bilan birgalikda o‘rindiqlarni bir-biriga qaratib joylashtirish mumkin. Kompaniya bu yechim kattalar uchun dam olish, bolalar uchun esa safar davomida o‘ynash uchun qulay hudud yaratishini ta’kidlamoqda.
O‘rindiqlarning harakatlanish imkoniyati kengayadi
Yiche ma’lumotiga ko‘ra, yangilangan Mega’da ikkinchi qator o‘rindiqlari uchun uzunroq relslar o‘rnatilishi kutilmoqda. Natijada ularni salon bo‘ylab kengroq diapazonda surish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, avtomobil shiftiga yangi kosmetik ko‘zgu o‘rnatiladi. Markaziy konsolning orqa qismidagi iqlim nazorati boshqaruvi esa sensorli ekranga aylantirilgan.
O‘rindiqlarda rombsimon yangi tikuv naqshlari paydo bo‘ladi. Bosh suyanchiqda «Home» yozuvi saqlanib qolishi yangilangan avtomobil Home komplektatsiyasida taklif etilishini ko‘rsatmoqda. Ultra versiyasi qolishi yoki qolmasligi hozircha noma’lum.
Quvvati 553 ot kuchiga yetadi

Li Auto Mega texnik jihatdan ham yangilanadi. Avtomobilning old va orqa o‘qlaridagi ikki elektr dvigatel umumiy 413 kVt yoki 553 ot kuchi ishlab chiqaradi.
Batareya sig‘imi 108 kVt·soatgacha oshirilgan. Unda CATL kompaniyasining uch komponentli NMC turidagi Qilin batareyasi qo‘llaniladi. Bir marta quvvatlanganda yurish masofasi 710 kmgacha yetadi.
Yangilangan modelning tezkor quvvatlash ko‘rsatkichlari hali rasman e’lon qilinmagan. Amaldagi Mega 800 voltli arxitektura va 5C quvvatlash tizimiga ega. Li Auto ma’lumotiga ko‘ra, 10 daqiqalik quvvatlash avtomobilga 500 kmgacha qo‘shimcha yurish zaxirasini bera oladi.
Mega uzunligi 5,3 metrdan oshadi
Yangilangan Li Mega’ning uzunligi 5 355 mm, kengligi 1 965 mm va balandligi 1 850 mmni tashkil qiladi. G‘ildirak bazasi 3 300 mmga teng.
Old qismda ikki richagli, orqada ko‘p richagli osma tizimi ishlatiladi. Shuningdek, ikki kamerali pnevmatik osma mavjud. Avtomobilning bo‘sh og‘irligi 2 925 kgni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiz Uzbekistan nashri Chevrolet yana bir avtomobili uchun xarid shartlarini yangilagani haqida yozgan edi.