Chevrolet yangi elektromobil ishlab chiqaradi — tafsilotlar

2-sentabr 2026 07:44 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet yangi elektromobil ishlab chiqaradi — tafsilotlar
Foto: Depositphotos

General Motors Janubiy Amerika bozori uchun Chevrolet brendi ostida yangi, boshlang‘ich narx segmentiga mansub elektr xetchbek ishlab chiqilayotganini tasdiqladi. Model kompaniyaning rivojlanayotgan bozorlardagi elektromobillar qatorini kengaytirishi kutilmoqda.

Yangi avtomobil Xitoydagi General Motors hamkorlik loyihalari asosida yaratiladi. Kompaniya, shuningdek, elektromobilni Braziliyada ishlab chiqarish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.

Yangi Chevrolet Xitoydagi loyiha asosida yaratiladi

Manba: GMAutority

GM South America prezidenti va boshqaruvchi direktori Tomas Ovsyanski Xitoyda kompaniyaning Janubiy Amerika bozoriga mo‘ljallangan yangi loyihalarini muhokama qilmoqda.

Uning aytishicha, ko‘rib chiqilayotgan loyihalardan biri Chevrolet brendi ostidagi yangi ixcham elektr xetchbek hisoblanadi.

«GM South America uchun Xitoy bilan bog‘liq yangi loyihalar rivojlanishda davom etmoqda. Ko‘rib chiqilayotgan loyihalar orasida Janubiy Amerikadagi elektromobillar qatorimizni kengaytirishi mumkin bo‘lgan mutlaqo yangi Chevrolet ixcham xetchbeki ham bor. Braziliyada ishlab chiqarish imkoniyati ham o‘rganilmoqda», — dedi Ovsyanski.

Bu GM South America rahbariyati Chevrolet’ning arzon elektromobillar strategiyasi doirasidagi yangi model rejasini ilk bor rasman tasdiqlashi bo‘ldi.

Foto: GMAutority

Model Wuling Bingo Pro asosida yaratilishi mumkin

GM Authority ma’lumotlariga ko‘ra, yangi Chevrolet elektromobili Xitoyda sotuvga chiqarilgan Wuling Bingo Pro xetchbeki asosida yaratiladi.

Wuling General Motors’ning Xitoydagi SAIC-GM-Wuling qo‘shma korxonasi tarkibiga kiradi. Chevrolet so‘nggi yillarda ushbu hamkorlik doirasida ishlab chiqilgan ayrim avtomobillarni o‘z brendi ostida xalqaro bozorlarga olib chiqmoqda.

Yangi model Chevrolet Spark EUV’dan pastroq segmentda joylashtirilishi va brendning eng arzon elektromobillaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

GM Authority avvalroq ushbu avtomobil xalqaro bozorlarda Chevrolet Joy nomini qaytarishi mumkinligini ham ma’lum qilgan edi. Biroq kompaniya yangi elektromobilning rasmiy nomini hozircha e’lon qilmagan.

Chevrolet arzon elektromobillar qatorini kengaytirmoqda

Foto: GMAutority

Chevrolet’ning rivojlanayotgan bozorlar uchun yangi elektromobillar strategiyasi 2025-yilda Spark EUV modelining Braziliyadagi global taqdimoti bilan boshlangan.

Spark EUV ham SAIC-GM-Wuling tomonidan ishlab chiqilgan avtomobil asosida yaratilgan. Keyinchalik Chevrolet Captiva EV ham kompaniyaning elektrlashtirilgan modellar qatoriga qo‘shildi.

Endi yangi ixcham xetchbek Spark EUV’dan ham arzonroq variant sifatida taklif qilinishi kutilmoqda. Bu General Motors’ga elektromobil xarid qilishni istayotgan, biroq qimmatroq krossoverlarga mablag‘ sarflashni rejalashtirmayotgan mijozlarni ham qamrab olish imkonini beradi.

Elektromobil Braziliyada ishlab chiqarilishi mumkin

General Motors yangi Chevrolet elektromobilini Braziliyadagi PACE zavodida ishlab chiqarish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.

Loyiha Comexport kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin. Mazkur korxonada Chevrolet’ning boshqa yangi elektrlashtirilgan modellarini ham ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Cobalt avtomobilining narxi keskin pasaygani haqida yozgan edi.

Shuningdek