Quronboyev ketdi, Mirzayev keldi, suyultirilgan gaz narxi o‘zgaradi — 7-sentabr yangiliklari

Quronboyev ketdi, Mirzayev keldi, suyultirilgan gaz narxi o‘zgaradi — 7-sentabr yangiliklari Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Farg‘onada yangi xalqaro aviakompaniya tashkil etilishi mumkin

Farg‘ona viloyatida Afg‘onistonning «Kam Air» kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi xalqaro aviakompaniya tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov «Kam Air» kompaniyasi rahbari Umar Muhammad Sulaymon boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda «Uzbekistan Airports» AJ Tijoriy faoliyat departamenti boshlig‘i Timur Xalilov ham qatnashdi.
Aziz G‘aniyev «Baniyas» klubiga o‘tdi

O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Aziz G‘aniyev yangi mavsumni Birlashgan Arab Amirliklarida boshlaydi. 28 yoshli futbolchi «Baniyas» bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.
«Mahallada duv-duv gap»: Quronboyev ketdi, Mirzayev keldi

G‘ofurjon Mirzayev G‘aniyevich O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi etib tayinlandi. U shu lavozimda 2024-yildan buyon ishlab kelgan Qahramon Quronboyevning o‘rnini egalladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoni e’lon qilindi.
Prezident farmoni bilan Mirzayev O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u prezidentning kadrlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.
O‘zbekistonda suyultirilgan gaz narxi o‘zgaradi

O‘zbekistonda suyultirilgan gaz ta’minoti tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish taklif etilmoqda. Aholiga gaz yetkazib berish uchun «Hududgazta’minot» ta’sischiligida «LPG-Trade» kompaniyasini tashkil etish, ehtiyojmand oilalarga esa har bir kilogramm gaz uchun kompensatsiya to‘lash mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-sentabr kuni suyultirilgan gaz ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Avgustda go‘sht mahsulotlari importi 22 foizga oshdi

O‘zbekiston 2026-yil avgustida $103,5 mlnlik go‘sht va go‘sht mahsulotlarini import qildi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2025-yilning avgustidagi $84,7 mlnlik ko‘rsatkichdan 22,1 foizga ko‘p.
Import tarkibida eng katta ulush qoramol go‘shtiga to‘g‘ri kelgan. Avgustda xorijdan 20,98 ming tonna qoramol go‘shti qariyb $85,7 mln evaziga olib kirilgan.
Po‘lat Bobojonov prezident maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

Prezident farmoni bilan Po‘lat Razzaqovich Bobojonov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining kadrlar bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shu bilan birga, Prezident administratsiyasi tuzilmasini maqbullashtirish doirasida kadrlar bo‘yicha maslahatchi lavozimi va uning bo‘linmasi tugatildi. Farmonga ko‘ra, Prezident administratsiyasidagi ayrim vazifalar boshqa tuzilmalarga o‘tkazildi.
Fond bozori: «O‘ztransgaz» aksiyalari bir haftada qariyb 73 foizga oshdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 28-avgustdan 4-sentabrgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 3,45 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «O‘ztransgaz» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 72,79 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Buxoroneftgazparmalash» (+20%) va «O‘zbekneftgaz» aksiyalarida (+17,39%) ham o‘sish qayd etildi.
7 – 11-sentabr kunlari poytaxtning uchta tumanida issiq suv o‘chiriladi

Toshkent shahrining uchta tumanidagi ayrim uylar va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida issiq suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda Veolia Energy Tashkent issiqlik ta’minoti operatori xabar berdi.
Cheklovlar 7 – 11-sentabr kunlari profilaktika ishlari sabab joriy etiladi.
Parkent va Toshkent o‘rtasida yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi

7-sentabr kuni Parkent – Toshkent – Parkent yo‘nalishida yangi shaharlararo elektr poyezdi yo‘lovchilar uchun foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari xabar berdi.
Loyiha doirasida 24 kilometr uzunlikdagi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi barpo etildi. Shuningdek, 3 ta temir-beton ko‘prik, avtomobil yo‘l o‘tkazgichi, 76 ta suv o‘tkazish inshooti hamda 16 ta avtomobil va temir yo‘l kesishmasi qurildi.
«Odisseya» jahon prokatida «O‘rgimchak odam: Yangi kun»ni quvib o‘tdi

Kristofer Nolan rejissyorligidagi «Odisseya» filmi jahon kinoprokatida navbatdagi hafta yakunlari bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Kartina hafta oxirida $45,96 mln daromad olib, «O‘rgimchak odam: Yangi kun» filmini ortda qoldirdi.
«Odisseya»ning jahon bo‘yicha umumiy kassasi $1,627 mlrdga yetdi. Shundan $584,7 mln AQSh va Kanadadagi prokat hissasiga to‘g‘ri keladi. Film xalqaro bozorlarda $1 mlrddan ortiq daromad to‘pladi. Shu tariqa «Odisseya» ushbu natijaga erishgan filmlar qatoridan joy oldi.
Dollar oshdi: 8-sentabr uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

8-sentabr uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 4,03 so‘mga oshib, 11 789,33 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi.
Yevro kursida oshish kuzatildi. Yevropa valyutasi 7,04 so‘mga oshib, 13 702,74 so‘m bo‘ldi. Rossiya rubli ham oshdi. Rubl kursi 0,35 so‘mga oshib, 136,48 so‘mni tashkil etdi.