Quronboyev ketdi, Mirzayev keldi, suyultirilgan gaz narxi o‘zgaradi — 7-sentabr yangiliklari

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan dayjesti
O‘zbekistonda yangi qurilgan uylar narxi 8,1 foizga qimmatlashdi
Foto: Kursiv Uzbekistan

Quronboyev ketdi, Mirzayev keldi, suyultirilgan gaz narxi o‘zgaradi — 7-sentabr yangiliklari Kursiv Uzbekistan dayjestida.

Farg‘onada yangi xalqaro aviakompaniya tashkil etilishi mumkin

Foto: viloyat hokimligi matbuot xizmati

Farg‘ona viloyatida Afg‘onistonning «Kam Air» kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi xalqaro aviakompaniya tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov «Kam Air» kompaniyasi rahbari Umar Muhammad Sulaymon boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda «Uzbekistan Airports» AJ Tijoriy faoliyat departamenti boshlig‘i Timur Xalilov ham qatnashdi.

Aziz G‘aniyev «Baniyas» klubiga o‘tdi

Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi

O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Aziz G‘aniyev yangi mavsumni Birlashgan Arab Amirliklarida boshlaydi. 28 yoshli futbolchi «Baniyas» bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.

«Mahallada duv-duv gap»: Quronboyev ketdi, Mirzayev keldi

Foto: O‘zbekiston mahallalari uyushmasi

G‘ofurjon Mirzayev G‘aniyevich O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi etib tayinlandi. U shu lavozimda 2024-yildan buyon ishlab kelgan Qahramon Quronboyevning o‘rnini egalladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoni e’lon qilindi.

Prezident farmoni bilan Mirzayev O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u prezidentning kadrlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.

O‘zbekistonda suyultirilgan gaz narxi o‘zgaradi

Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda suyultirilgan gaz ta’minoti tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish taklif etilmoqda. Aholiga gaz yetkazib berish uchun «Hududgazta’minot» ta’sischiligida «LPG-Trade» kompaniyasini tashkil etish, ehtiyojmand oilalarga esa har bir kilogramm gaz uchun kompensatsiya to‘lash mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-sentabr kuni suyultirilgan gaz ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Avgustda go‘sht mahsulotlari importi 22 foizga oshdi

Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston 2026-yil avgustida $103,5 mlnlik go‘sht va go‘sht mahsulotlarini import qildi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2025-yilning avgustidagi $84,7 mlnlik ko‘rsatkichdan 22,1 foizga ko‘p.

Import tarkibida eng katta ulush qoramol go‘shtiga to‘g‘ri kelgan. Avgustda xorijdan 20,98 ming tonna qoramol go‘shti qariyb $85,7 mln evaziga olib kirilgan.

Po‘lat Bobojonov prezident maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

Po‘lat Bobojonov Prezident maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi
Foto: IIV

Prezident farmoni bilan Po‘lat Razzaqovich Bobojonov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining kadrlar bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shu bilan birga, Prezident administratsiyasi tuzilmasini maqbullashtirish doirasida kadrlar bo‘yicha maslahatchi lavozimi va uning bo‘linmasi tugatildi. Farmonga ko‘ra, Prezident administratsiyasidagi ayrim vazifalar boshqa tuzilmalarga o‘tkazildi.

Fond bozori: «O‘ztransgaz» aksiyalari bir haftada qariyb 73 foizga oshdi

Fond bozori: «O‘ztransgaz» aksiyalari bir haftada qariyb 73 foizga oshdi
Foto: depositphotos

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 28-avgustdan 4-sentabrgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 3,45 foizga oshdi.

Ushbu davr mobaynida «O‘ztransgaz» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 72,79 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Buxoroneftgazparmalash» (+20%) va «O‘zbekneftgaz» aksiyalarida (+17,39%) ham o‘sish qayd etildi.

7 – 11-sentabr kunlari poytaxtning uchta tumanida issiq suv o‘chiriladi

Poytaxtning ayrim hududlarida issiq suv vaqtincha o‘chiriladi
Foto: Facebook

Toshkent shahrining uchta tumanidagi ayrim uylar va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida issiq suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda Veolia Energy Tashkent issiqlik ta’minoti operatori xabar berdi.

Cheklovlar 7 – 11-sentabr kunlari profilaktika ishlari sabab joriy etiladi.

Parkent va Toshkent o‘rtasida yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Foto: UzRailway

7-sentabr kuni Parkent – Toshkent – Parkent yo‘nalishida yangi shaharlararo elektr poyezdi yo‘lovchilar uchun foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari xabar berdi.

Loyiha doirasida 24 kilometr uzunlikdagi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi barpo etildi. Shuningdek, 3 ta temir-beton ko‘prik, avtomobil yo‘l o‘tkazgichi, 76 ta suv o‘tkazish inshooti hamda 16 ta avtomobil va temir yo‘l kesishmasi qurildi.

«Odisseya» jahon prokatida «O‘rgimchak odam: Yangi kun»ni quvib o‘tdi

«Odisseya» jahon prokatida «O‘rgimchak odam: Yangi kun»ni ortda qoldirdi
Foto: Universal Pictures; Columbia Picture

Kristofer Nolan rejissyorligidagi «Odisseya» filmi jahon kinoprokatida navbatdagi hafta yakunlari bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Kartina hafta oxirida $45,96 mln daromad olib, «O‘rgimchak odam: Yangi kun» filmini ortda qoldirdi.

«Odisseya»ning jahon bo‘yicha umumiy kassasi $1,627 mlrdga yetdi. Shundan $584,7 mln AQSh va Kanadadagi prokat hissasiga to‘g‘ri keladi. Film xalqaro bozorlarda $1 mlrddan ortiq daromad to‘pladi. Shu tariqa «Odisseya» ushbu natijaga erishgan filmlar qatoridan joy oldi.

Dollar oshdi: 8-sentabr uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

Dollar tushishda davom etmoqda: 8-sentabr uchun valyutalar kursi e’lon qilindi
Foto: depositphotos

8-sentabr uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 4,03 so‘mga oshib, 11 789,33 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi

Yevro kursida oshish kuzatildi. Yevropa valyutasi 7,04 so‘mga oshib, 13 702,74 so‘m bo‘ldi. Rossiya rubli ham oshdi. Rubl kursi 0,35 so‘mga oshib, 136,48 so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek