Makron Yevropada bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni cheklashni taklif qildi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa Ittifoqida 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashni taklif etdi. U Yevropa komissiyasini bu borada umumiy qonun qabul qilishga chaqirdi.
Makron bu taklifni Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenga 29-avgust kuni yuborgan maktubida bildirgan. Reuters maktub bilan tanishgan.
Makron 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun to‘liq taqiqni so‘ramoqda
Makronning fikricha, Yevropa Ittifoqi bolalarni ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’siridan himoya qilish uchun yagona qoidalarni joriy etishi kerak.
Fransiya prezidenti 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini butun Yevropa Ittifoqi bo‘ylab taqiqlashni taklif qilgan.
Bu taklif fon der Lyayen ilgari surayotgan yondashuvdan qat’iyroq. Yevrokomissiya rahbari iyul oyida 27 davlat bo‘yicha bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini bosqichma-bosqich cheklash rejalashtirilayotganini bildirgan edi.
Ushbu yondashuvga ko‘ra, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan faqat cheklangan va nazorat ostidagi foydalanishga ruxsat berilishi, yosh oshgani sari cheklovlarning yumshatilishi mumkin.
Fransiya o‘z qonunini ham qayta ishlab chiqadi
Makronning YI miqyosidagi tashabbusi Fransiyada ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga yosh chegarasi belgilash bo‘yicha qonun loyihasi Konstitutsiyaviy kengash tomonidan rad etilganidan keyin yangradi.
Kengash avgust oyida ushbu qonunni bekor qilgan. Hujjat sentabr oyida kuchga kirishi kerak edi.
Makron Fransiya hukumati milliy qonunchilikni ham qayta ishlab chiqishini aytgan. Biroq parlamentdagi siyosiy bo‘linish va budjet bo‘yicha murakkab muzokaralar yangi qonunni qabul qilishni qiyinlashtirishi mumkin.
Yevropada ijtimoiy tarmoqlarga cheklovlar kuchaymoqda
Avstraliya o‘tgan yili bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklash bo‘yicha muhim qonunni qabul qilganidan keyin Yevropaning bir qator davlatlarida ham shu kabi choralar muhokama qilina boshlandi.
Bunga yoshlarning ruhiy salomatligi va xavfsizligiga ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri haqidagi xavotirlar sabab bo‘lmoqda.
Biroq barcha Yevropa davlatlari umumiy taqiqni qo‘llab-quvvatlamayapti. Xususan, Skandinaviya mamlakatlarining ayrimlari bunday masalalarda yakuniy qarorni ota-onalarga qoldirish ma’qul, deb hisoblaydi.
Makron esa 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan Fransiya prezidentlik saylovlari oldidan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash masalasini siyosiy ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylantirgan.
Avvalroq Telegram asoschisi Pavel Durov Buyuk Britaniyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash rejalariga qarshi chiqqandi.