Qozog‘iston bolalarga fastfud reklamasini cheklash niyatida

eʼlon qilindi
Vazirlik bolalarning oziq-ovqat tanloviga marketing ta’sirini kamaytirish maqsadida qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilmoqda
Foto: kapital.kz

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar uchun qaratilgan fastfud, shirin ichimliklar hamda tarkibida shakar, tuz va to‘yingan yog‘lar ko‘p bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari reklamasini cheklashni taklif qildi. Bu haqda NUR.KZ xabar berdi.

Reklama televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda cheklanadi

Vazirlik bolalarning oziq-ovqat tanloviga marketing ta’sirini kamaytirish maqsadida qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilmoqda.

Taklif etilayotgan cheklovlar televideniye va radio kanallari, ijtimoiy tarmoqlar hamda tashqi reklama vositalarida tarkibida shakar, tuz, to‘yingan va transyog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlarni targ‘ib qilishga taalluqli bo‘ladi.

Vazirlikning tibbiy yordamni tashkil etish departamenti direktori Gulnar Sarsembayevaning ta’kidlashicha, mazkur tashabbuslarni amalga oshirish uchun cheklovlarning tartibga solish ta’siri tahlilini ishlab chiqish boshlangan.

Qozog‘istonda bolalar orasida ortiqcha vazn muammosi bor

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 6 – 9 yoshdagi bolalarning 23 foizida ortiqcha vazn, 6 foizida esa semirish kuzatiladi.

Shuningdek, o‘smirlarning 17,5 foizi energetik ichimliklarni haftasiga kamida bir marta iste’mol qiladi.

Vazirlik reklamaning bolalar va o‘smirlarga ta’siri kuchli ekanini qayd etdi. Ayniqsa, yorqin qadoqlar, ijtimoiy tarmoqlardagi reklama, blogerlar va boshqa marketing vositalari ularning oziq-ovqat tanloviga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Tashabbus Toqayev topshirig‘idan keyin ilgari surildi

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev avvalroq hukumatga fastfudning agressiv reklamasini tartibga solish masalasini ko‘rib chiqishni topshirgan.

Prezident bunday reklama bolalarda zararli odatlarni shakllantirishi, sog‘liqni saqlash tizimiga yuklamani oshirishi va mamlakatning mehnat salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlagan.

Energetik ichimliklar savdosiga ham cheklov bor

Qozog‘istonda sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish bo‘yicha boshqa choralar ham amalga oshirilmoqda.

Xususan, energetik ichimliklarni 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga sotish taqiqlangan.

2025-yil sentabridan esa ta’lim tashkilotlarida yangi ovqatlanish standarti amal qilmoqda. Unga ko‘ra, taomnomadagi shakar va tuz miqdorini kamaytirish, sabzavot, meva va sut mahsulotlari ulushini oshirish ko‘zda tutilgan.

Vazirlik yangi takliflar ayrim mahsulotlarni sotish yoki iste’mol qilishni taqiqlashga emas, balki ularning bolalarga yo‘naltirilgan reklamasini cheklashga qaratilganini bildirdi.

Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa Ittifoqida 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashni taklif etgandi.

Shuningdek