O‘zbekistonda talab qilib olinmagan dividendlar muammosi deyarli yo‘qoldi — ILMA direktori o‘rinbosari

O‘zbekistonda Markaziy depozitariy orqali hisob-kitoblarga o‘tish tufayli talab qilinmagan dividendlar muammosini deyarli bartaraf etishga erishildi. Bu haqda 17-sentabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan VIII Cbonds konferensiyasida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktori o‘rinbosari Vyacheslav Pak ma’lum qildi.
Dividendlarni to‘lash tartibida nima o‘zgardi
Pakning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil davomida joriy etilgan mexanizm investorlarning dividendlar va qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha foiz daromadlarini olish jarayonini sezilarli darajada soddalashtirdi.
Avvallari investor o‘ziga tegishli to‘lovni olish uchun mustaqil ravishda ariza bilan murojaat qilishi kerak edi. Hozir esa hisob-kitoblar Markaziy depozitariy infratuzilmasi va investitsiya vositachilari orqali amalga oshirilmoqda. (Aksiyador dividendlarni Markaziy depozitariyning mobil ilovasi orqali olishi mumkin – Kursiv izohi).
«Bugungi kunda talab qilib olinmagan dividendlar muammosi deyarli yo‘qolganini aniq ko‘ryapmiz», – dedi ILMA direktori o‘rinbosari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi yillarda kapital bozorida joriy etilgan boshqa mexanizmlar ham o‘z samarasini bera boshlagan.
Bozorda qanday yangi vositalar paydo bo‘ldi
Pak kapital bozoridagi asosiy o‘zgarishlar qatorida investorlarni raqamli identifikatsiyadan o‘tkazish, «yashil» obligatsiyalar hamda individual investitsiya hisobvaraqlarining joriy etilishini sanab o‘tdi.
Bundan tashqari, bozorda ipoteka obligatsiyalari ham paydo bo‘ldi. Hozircha ushbu vosita tartibga solish «qumdoni» doirasida ishlamoqda. ILMA vakilining aytishicha, ilk emissiya amalga oshirilgan, fond birjasida esa bunday qimmatli qog‘ozlar bilan dastlabki REPO bitimlari o‘tkazilgan.
Yana bir yangilik xorijiy valyutada nominatsiya qilingan obligatsiyalar chiqarilishining yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi. Pak yil yakuniga qadar bunday obligatsiyalar emissiyasi hajmi sezilarli oshishini kutmoqda.
Kapital bozori to‘g‘risidagi qonun
ILMA direktori o‘rinbosari O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF)ning xalqaro IPO’sini ham eslatib, uni mamlakat kapital bozori uchun muhim voqealardan biri deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, navbatdagi bosqich yangi moliyaviy vositalarni qonunchilik darajasida mustahkamlashdan iborat bo‘ladi. Kapital bozori to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentga kiritilgan va birinchi o‘qishdan o‘tgan. ILMA hujjat 2026-yil oxirigacha qabul qilinishiga umid qilmoqda.
Qonun ayni paytda tartibga solish «qumdoni» doirasida qo‘llanayotgan ayrim vosita va mexanizmlar uchun huquqiy asos yaratishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzNIF IPO’si doirasida $600 mlndan ortiq mablag‘ jalb qilingani haqida yozgan edi.