O‘zbekiston bozori narxlar o‘zgaruvchanligidan derivativlar orqali himoyalanadi

O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi (O‘zRTXB) va Singapurning Phillip Capital kompaniyasi derivativlar savdosi uchun Uzex Global qo‘shma korxonasini tashkil etdi. Platformaning rasmiy ishga tushirilishi 17-sentabr kuni bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchilar ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi biznes uchun jahon derivativlar bozoriga kirish imkoniyati ilk bor yaratilmoqda, deya xabar beradi Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Uzex Global orqali O‘zbekiston kompaniyalari xalqaro savdo maydonlariga chiqib, mis, bug‘doy, paxta, neft, oltin va boshqa tovarlarga asoslangan fyuchers shartnomalari bilan savdo qilishi mumkin bo‘ladi. Tashkilotchilar mavjud bozorlar qatorida CME Group, ICE, London metall birjasi (LME), Japan Exchange Group (JPX) va Singapore Exchange (SGX)ni sanab o‘tgan.
Yangi platformaning asosiy vazifalaridan biri mahalliy biznesga xomashyo va boshqa mahsulotlar narxining keskin o‘zgarishidan himoyalanish imkonini beruvchi vositalarni taqdim etishdan iborat.
«Uzex Global faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri narxlar o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq xatarlarni xedjirlash imkoniyatlarini rivojlantirishdan iborat. Bu korxonalarga tovarlar narxining o‘zgarishi bilan bog‘liq bunday xatarlarni samarali boshqarish va moliyaviy natijalarning barqarorligini ta’minlash imkonini beradi», – deyiladi kompaniya press-relizida.
Bunday vositalardan foydalanish korxonalarga narxlarning noqulay o‘zgarishi moliyaviy natijalarga ta’sirini oldindan kamaytirish imkonini berishi kutilmoqda. Bu esa uzoq muddatli rejalashtirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishni osonlashtirishi mumkin.
Platforma faoliyatining yana bir yo‘nalishi bozor ishtirokchilarini o‘qitish bo‘ladi. Mahalliy mutaxassislarning fyuchers savdosi, xedjirlash, kliring va tavakkalchiliklarni boshqarish sohalaridagi professional bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish rejalashtirilgan.
Texnologik jihatdan loyiha Phillip Nova xalqaro savdo platformasining O‘zRTXB savdo-kliring infratuzilmasi bilan integratsiyasiga asoslangan. Shu baza negizida Uzex Global tizimi ishlab chiqilgan va sinovdan o‘tkazilgan.
Loyihani ishga tushirish Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 27-fevraldagi 82-son qarori – «Narxlar o‘zgaruvchanligi davrida moliyaviy xatarlardan samarali himoyalanishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hujjatda nazarda tutilgan. Qarorda O‘zRTXB huzurida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi Uzex Global kompaniyasini tashkil etish bevosita belgilangan.
Qarorga ko‘ra, kompaniyalarga bunday savdolarda qatnashish uchun mablag‘larni milliy valyutada kiritishga ruxsat beriladi. Uzex Global ushbu mablag‘larni xorijiy valyutaga konvertatsiya qilib, xalqaro savdo maydonlariga yo‘naltirishi mumkin. Hujjatda, shuningdek, mijozlar mablag‘larini alohida hisobga olish hamda bo‘sh mablag‘lar va operatsiyalardan olingan daromadlarni milliy valyutada qaytarish tartibi ham nazarda tutilgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda hosilaviy moliyaviy instrumentlar – fyucherslar, opsionlar, svoplar va forvardlarni qonunchilikka kiritish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi. Tegishli normalar ishlab chiqilgan «Kapital bozori to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga kiritilgan.