O‘zbekiston Hindistonni mag‘lub etdi, Xitoy Germaniyadan ustun keldi: Olimpiadaning 6-turi qanday o‘tdi

22-sentabr 2026 09:44 eʼlon qilindi

Mirjalol Norqobilov

Mirjalol Norqobilov

Yangiliklar muharriri m.norqobilov@kursiv.media
Foto: FIDE

46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasining oltinchi turidan so‘ng O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi turnirda yakka peshqadam bo‘lib oldi. Mezbonlar bungacha barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozongan Hindistonni 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi.

O‘zbekiston shu tariqa olti uchrashuvdan maksimal 12 jamoaviy ochko jamg‘ardi. Xitoy va Armaniston 11 tadan ochko bilan eng yaqin ta’qibchilarga aylandi.

Yoqubboyev O‘zbekistonga g‘alaba keltirdi

Foto: FIDE

O‘zbekiston — Hindiston uchrashuvida dastlabki, ikkinchi va to‘rtinchi doskalardagi partiyalar durang bilan tugadi.

Nodirbek Abdusattorov Rameshbabu Praggnanandhaa bilan, Javohir Sindarov Arjun Erigaisi bilan, Shamsiddin Vohidov esa jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan ochko bo‘lishdi.

Uchrashuv taqdirini Nodirbek Yoqubboyev va Nihal Sarin partiyasi hal qildi. FIDE sharhiga ko‘ra, hindistonlik grossmeyster vaqt zaxirasida sezilarli ustunlikka ega edi, biroq taktik xato oqibatida farzinini boy berdi. Yoqubboyev bundan foydalanib, partiyani g‘alaba bilan yakunladi.

Foto: FIDE

Natijada O‘zbekiston 2,5:1,5 hisobida ustun keldi va oltinchi turdan keyin yakka peshqadamga aylandi.

Peshqadamlar guruhida Xitoy va Armaniston qoldi

O‘zbekistonning eng yaqin ta’qibchilaridan biri Xitoy oltinchi turda Germaniyani 3:1 hisobida mag‘lub etdi.

Din Lijen Germaniyaning birinchi raqamli shaxmatchisi Vinsent Kaymerdan ustun keldi. Syuy Syan’yuy ham o‘z doskasida g‘alaba qozonib, Xitoyga ikki ochkolik ustunlikni ta’minladi.

Armaniston esa Eronni 2,5:1,5 hisobida yengdi va 11 ochko bilan yuqori pog‘onalarda qoldi.

Fransiya va Angliya o‘rtasidagi uchrashuv 2:2 hisobida yakunlandi. Ozarbayjon Argentinani 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi.

O‘zbekiston-2 Ispaniyani to‘xtatdi

Turning e’tiborga molik natijalaridan yana biri O‘zbekistonning ikkinchi terma jamoasiga tegishli bo‘ldi.

O‘zbekiston-2 Ispaniyani 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi. Hal qiluvchi natijani Abdumalik Abdisalimov qayd etdi, qolgan uch partiya durang bilan tugadi.

Bu g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston-2 ham turnir jadvalining yuqori qismida qolmoqda. O‘zbekiston-3 esa Avstraliyaga 1,5:2,5 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Ayollar musobaqasida Xitoy yirik hisobda g‘alaba qozondi

Foto: FIDE

Ayollar bahsidagi markaziy uchrashuv Xitoy va Polsha o‘rtasida bo‘ldi. Xitoylik shaxmatchilar raqiblarini 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi.

Faqat birinchi doskada Oliwia Kiołbasa Zhu Jiner bilan durang o‘ynadi. Qolgan uch partiyada Xitoy vakillari g‘alabaga erishdi.

Qozog‘iston esa Ozarbayjon ustidan 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozondi. Hal qiluvchi ochkoni Alua Nurman keltirdi.

Natijada Xitoy va Qozog‘iston ayollar turnirida yetakchilar qatorida qoldi va navbatdagi turda o‘zaro uchrashadi.

O‘zbekiston ayollari ilk mag‘lubiyatini qabul qildi

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Gruziyaga 0,5:3,5 hisobida yutqazdi. Mezbonlar safida yagona yarim ochkoni Afruza Hamdamova olib keldi — u Nana Dzagnidze bilan durang o‘ynadi.

Foto: FIDE

O‘zbekiston-2 esa aksincha, Shimoliy Makedoniyani 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi.

Shaxmat Olimpiadasida 22-sentabr dam olish kuni hisoblanadi. Yettinchi tur bahslari 23-sentabr kuni davom etadi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston 5-turdan so‘ng peshqadamlikni qo‘lga olgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek