
Vivo kompaniyasi yangi Vivo Y600i smartfonini taqdim etdi. Qurilmaning asosiy xususiyatlaridan biri 8000 mA/soat sig‘imli katta batareya bo‘ldi. Bu haqda Gizmochina xabar berdi.
Smartfon Xitoyda 30-sentabrdan sotuvga chiqadi. 6 GB operativ va 256 GB ichki xotirali versiyaning narxi qariyb $300 etib belgilangan.
Batareya 1500 sikldan keyin ham 80% sig‘imni saqlaydi
Vivo Y600i 8000 m/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Batareya 44 Vt simli quvvatlash va teskari quvvatlash funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Kompaniyaning laboratoriya sinovlariga ko‘ra, akkumulyator 1500 ta quvvatlash siklidan keyin ham dastlabki sig‘imining kamida 80% ini saqlab qolishi kerak.
Smartfon qisqa videolarni 25 soatgacha tomosha qilish va navigatsiyadan uzluksiz 16 soatgacha foydalanish imkonini berishi aytilmoqda.
120 Hz ekran va Snapdragon 4 Gen 2
Qurilma 6,87 dyuymli LCD displeyga ega. Ekran aniqligi 1592 × 720 piksel, yangilanish chastotasi esa 120 Hzni tashkil etadi.
HBM rejimida maksimal yorqinlik 1300 nitgacha yetadi. Shuningdek, DC dimming va ko‘k yorug‘likni kamaytirishga oid TÜV Rheinland sertifikati mavjud.
Smartfon Snapdragon 4 Gen 2 protsessorida ishlaydi. U 6 GB LPDDR4X operativ xotira va 256 GB UFS 2.2 ichki xotira bilan jihozlangan. Xotirani 2 TB gacha bo‘lgan karta orqali kengaytirish mumkin.
50 MP kamera va 5G
Asosiy kamera 50 MP sensor va f/1.8 diafragmali obyektivga ega. Old kamera esa 8 MP aniqlikda.
Smartfon ikki SIM-karta va 5G tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, Bluetooth 5.1, USB Type-C, yon tomondagi barmoq izi skaneri va infraqizil uzatgich mavjud.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vivo X500 Ultra smartfoni qachon taqdim etilishi haqida yozgan edi.