
Samarqandda o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida qatnashgan Afg‘oniston delegatsiyasining ayrim a’zolari mamlakatga qaytish xavfsizligidan xavotir bildirmoqda. El País ma’lumotiga ko‘ra, delegatsiyaning to‘rt a’zosi Tolibon hukumatining roziligisiz Afg‘onistondan chiqib, Olimpiadaga kelgan.
Nashr yozishicha, Samarqanddagi musobaqada qatnashgan afg‘on delegatsiyasining to‘rt a’zosi qaytganidan so‘ng o‘zlari va yaqinlariga nisbatan bosim bo‘lishidan xavotirda.
Ular nashrga intervyu bergan, biroq xavfsizlik nuqtayi nazaridan aytilgan fikrlarni aniq bir shaxs nomidan keltirmaslikni so‘ragan. Afg‘oniston ayollar jamoasidagi to‘rt nafar shaxmatchining barchasi esa xorijda istiqomat qiladi.
Afg‘onistonda shaxmat 2025-yilda to‘xtatilgan
Nurbek Alimov Telegram kanalida yozishicha, Tolibon hukumati 2025-yil may oyida shaxmat o‘ynashni «vaqtincha to‘xtatgan». Rasmiylar bunga diniy mulohazalar va shaxmatning qimor bilan bog‘liqligi haqidagi qarashlarni sabab qilib ko‘rsatgan. Qarorni qayta ko‘rib chiqish uchun aniq muddat belgilanmagan.
FIDE o‘sha paytda ushbu qarordan afsusdaligini bildirib, shaxmat natijasi asosan mahorat va tayyorgarlikka bog‘liqligini ta’kidlagan. Federatsiya taqiq afg‘on yoshlarining rivojlanishi va xalqaro musobaqalarda o‘z mamlakatini namoyish etish imkoniyatlariga zarar yetkazishi mumkinligini bildirgan.
Shaxmat islom olami orqali Yevropaga tarqalgan
Shaxmat tarixiga oid manbalarga ko‘ra, o‘yin Hindistonda paydo bo‘lib, keyinchalik Fors va islom dunyosi hududlari orqali Yevropaga tarqalgan. Shu sabab Afg‘onistondagi amaldagi cheklovni barcha musulmon davlatlarining shaxmatga munosabati sifatida talqin qilish to‘g‘ri emas.
«Biz ba’zan iqtidor haqida gapirganda bitta oddiy shartni unutib qo‘yamiz: odamga o‘z iqtidorini ishlatishga imkon berish kerak. Shaxmat taxtasi, murabbiy va internetdan oldin ham bir ehtiyoj bor. Erkinlik. Uni musobaqaga borgani yoki boshqalar bilan o‘ynagani uchun jazolamaslik kerak», – deya munosabat bildirgan Alimov.
Samarqanddagi Olimpiadada qatnashgan afg‘on shaxmatchilarining keyingi taqdiri va ularning mamlakatga qaytishi masalasi hozircha ochiq qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqanddagi shaxmat Olimpiadasi qanday yakunlangani bo‘yicha fotoreportaj e’lon qilingandi.