
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov faoliyatining bir davrida shaxmat federatsiyasini almashtirish haqida ham o‘ylaganini aytdi. U bunga o‘sha paytlarda musobaqalarda qatnashish imkoniyatlari cheklanganini sabab sifatida keltirdi. Bu haqda shaxmatchi jurnalist Aziza Qurbonova bilan suhbatda ma’lum qildi.
Sindarovning aytishicha, Rustam Qosimjonov jahon chempioni bo‘lganidan keyin O‘zbekistonda shaxmatga qiziqish ortgan va hozirgi avlod vakillarining ko‘pchiligi aynan shu davrdan ilhomlangan.
«Musobaqalarga ko‘p chiqa olmasdik»
Sindarov o‘sha yillarda yosh shaxmatchilar uchun imkoniyatlar hozirgidan ancha cheklanganini ta’kidladi.
«Biz kuchaydik, qaysidir natijalarga erishdik, lekin o‘rtada juda ham qiynaldik. Sababi, o‘sha paytlarda yurtimizda shaxmatga e’tibor unchalik kuchli emas edi. Musobaqalarga ko‘p chiqa olmasdik», – dedi u.
Grossmeysterning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro musobaqalarga borish uchun hatto aviachiptalar xarajati ham jiddiy masala bo‘lgan.
«Ko‘pchilik bilsa kerak, hatto menda shaxmat federatsiyamni almashtirish haqida o‘ylar ham paydo bo‘lgandi», – dedi Sindarov.
Jahon toji uchun kurashga tayyorgarlik ketmoqda
Suhbat davomida Sindarov ikki oydan keyin Jenevada jahon toji uchun kurash kutib turganini ham aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Olimpiadadan keyingi natijalar unga qo‘shimcha ishonch bergan va hozir ushbu musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
«Shu musobaqaga ham maksimal darajada yondashib, borimizni berib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz», – dedi u.
Sindarov, shuningdek, o‘z natijalari yosh avlodning shaxmatga qiziqishini oshirishiga umid qilishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va 3-Parashaxmat olimpiadasi g‘oliblari hamda ishtirokchilarini davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Unga ko‘ra, Sindarov «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi.