
Xitoyning Changan Auto kompaniyasi yangi energiyali avtomobillar yo‘nalishidagi Avatr va Deepal brendlarining o‘rta va orqa ofis faoliyatini birlashtirishni boshladi. Buning uchun guruh tarkibida «AD Collaborative Development Department» nomli yangi bo‘linma tashkil etildi.
Bo‘linma nomi Avatr va Deepal brendlari bosh harflaridan tuzilgan. U tadqiqot va ishlanmalar, ta’minot zanjiri, ishlab chiqarish hamda ma’muriy funksiyalarda resurslarni birgalikda ishlatishga yo‘naltiriladi.
Brendlar mustaqilligini saqlab qoladi
Changan Auto’ga ko‘ra, tashkiliy o‘zgarishlarga qaramay, Avatr va Deepal brendlarining bozordagi pozitsiyasi va strategik rejalari o‘zgarmaydi.
Brend imiji, marketing va savdo kabi mijozlarga bevosita bog‘liq yo‘nalishlar alohida ishlashda davom etadi. Birlashtirish asosan ichki jarayonlar va resurslardan foydalanishga taalluqli bo‘ladi.
Kompaniya ushbu hamkorlik hisobiga xarajatlarni 20 – 30% ga kamaytirishni rejalashtirmoqda.
Avatr umumiy markazlarni tashkil qiladi
Rejaga ko‘ra, Avatr dizayn, mahsulot ishlab chiqish va platforma texnologiyalari bo‘yicha ikki brendga xizmat qiladigan umumiy markazlarni shakllantiradi.
Deepal esa o‘zining ichki biznes bo‘linmalarini optimallashtiradi.
Avatr savdosi pasaygan
Avatr premium aqlli elektromobillar brendi sifatida 200 mingdan 700 ming yuangacha bo‘lgan segmentda ishlaydi. Bu taxminan $29,4 mingdan $102,9 minggacha.
Brend Changan, Huawei va CATL o‘rtasidagi «CHN» hamkorligi doirasida rivojlantirilmoqda. Biroq 2026-yilning birinchi yarmida Avatr 27 619 ta avtomobil yetkazib berdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 51,3% kam.
Deepal savdosi 14,6% oshdi
Deepal esa ommaviy yangi energiyali avtomobillar segmentiga yo‘naltirilgan. Uning modellari 100 mingdan 300 ming yuangacha yoki taxminan $14,7 mingdan $44,1 minggacha turadi.
2026-yilning birinchi yarmida Deepal dunyo bo‘yicha 164,2 mingta avtomobil yetkazib berdi. Bu yillik hisobda 14,6% o‘sish degani. Xorijiy bozorlardagi yetkazib berishlar esa 141% ga oshib, 35,8 ming donaga yetgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Wey V9X avtomobili qanday narxda sotilishi haqida yozgan edi.