
O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov unashtirildi. Bu haqda «Uzchess» loyihasi xabar bermoqda. Uning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Sevinch Mavlonova ekani ma’lum bo‘ldi.
ChessBase India ma’lumotiga ko‘ra, unashtiruv 4-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan. Bu Samarqanddagi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritganidan bir hafta o‘tib yuz berdi.
To‘y 2027-yil mart oyiga rejalashtirilgan
ChessBase India ma’lumotiga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorov va Sevinch Mavlonovaning to‘yi 2027-yil mart oyiga rejalashtirilgan.
UzChess ham juftlikning unashtiruv marosimidan suratini e’lon qilib, «Yoshlar baxtli bo‘lsin!» deya tilak bildirgan.
Sevinch Mavlonova kim
Sevinch Mavlonova «Yangi O‘zbekiston» universitetining axborot texnologiyalari fakultetida tahsil oladi. U universitetning 3-bosqich talabasi.
U 2026-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Raqamli texnologiyalar vazirligi ham Mavlonovani joriy yilda ushbu mukofotni olgan AT sohasi vakillaridan biri sifatida qayd etgan.
Bundan tashqari, u «Yulduz Tech Awards» taqdirlash marosimida «Eng yaxshi ayol kiberxavfsizlik mutaxassisi» nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan.
Abdusattorov — O‘zbekiston terma jamoasi yetakchilaridan biri
Nodirbek Abdusattorov O‘zbekistonning yetakchi grossmeysterlaridan biri hisoblanadi. U 2026-yil boshida FIDE Freestyle Chess World Championship musobaqasiga yo‘llanma olgan edi.
Shuningdek, u Samarqandda o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi safida ishtirok etdi. Olimpiada 16 – 27-sentabr kunlari o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Javohir Sindarov O‘zbekiston shaxmatidagi muvaffaqiyat sababini aytgani haqida yozgan edi.