
Kanada terma jamoasi bosh murabbiyi va «Lids»ning sobiq ustozi Jessi Marsh «Manchester Siti» klubiga moliyaviy qoidabuzarliklar bo‘yicha keskin jazo berilishi kerakligini bildirdi. Bu haqda u The Guardian nashriga bergan intervyusida gapirdi.
Marshning fikricha, klubga nisbatan jiddiy sanksiyalar qo‘llanishi, hatto uni quyi ligaga tushirish ham kerak.
«Ular quyi ligaga tushirilishi kerak»
«Menimcha, «Manchester Siti» keskin jazolanishi kerak. Ular quyi ligaga tushirilishi kerak. Aytgancha, buni hamma bilardi», – dedi Marsh.
Reuters ham uning bayonotini yoritib, kanadalik murabbiy «Manchester Siti» uchun jiddiy jazo tarafdori ekanini qayd etdi.
Marsh 2022-yilgi transferlarni esladi
Murabbiy 2022-yilda «Lids»da ishlagan davrini ham esladi. O‘sha yozda klub Rafinya va Kalvin Fillipsni sotib, transferlardan daromad olgan.
Marshning aytishicha, «Manchester Siti» katta xarajatlarga qaramay moliyaviy natijalarda foyda ko‘rsatgani unda o‘sha paytda ham savollar tug‘dirgan. U Erling Holandning 52 mln funt deb ko‘rsatilgan transfer qiymatiga ham shubha bilan munosabat bildirgan.
«Manchester Siti» ishi nimaga bog‘liq
«Manchester Siti»ga nisbatan moliyaviy qoidalarga rioya etish bilan bog‘liq ko‘plab ayblovlar ilgari surilgan. Klub esa o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad qilib kelmoqda.
Marshning bayonoti mazkur ish bo‘yicha yakuniy qaror hali e’lon qilinmagan bir paytda yangradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abduqodir Husanov yangi murabbiy qo‘l ostida muammolarga duch kela boshlagani haqida yozgan edi.