
Honda avtomobil harakatlanayotgan paytda elektromobillarni simsiz quvvatlash imkonini beruvchi yangi tizim ishlab chiqdi. Loyiha Taisei Construction va Taisei Road Technology kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Texnologiya magnit aloqa tamoyiliga asoslangan bo‘lib, quvvatlash modullari to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l qoplamasi ostiga joylashtiriladi.
Sinovlar 2027-yildan boshlanadi
Tizimni umumiy foydalanishdagi yo‘llarda sinash 2027-yil apreldan keyin boshlanishi rejalashtirilgan.
2026-yil oxirigacha esa maxsus poligonda asfalt ostiga o‘rnatilgan quvvatlash modullarining chidamliligi va uzoq muddat ishlashi tekshiriladi.

Honda quvvat uzatish tizimiga javob beradi
Loyihada texnologik vazifalar hamkorlar o‘rtasida taqsimlangan. Honda doimiy tok bilan ishlashga moslashtirilgan yuqori samarali quvvat uzatuvchi va qabul qiluvchi qurilmalarni ishlab chiqmoqda.
Taisei Construction va Taisei Road Technology esa elektr ta’minoti infratuzilmasi hamda yer osti uskunalarini o‘rnatish bilan shug‘ullanadi.
Tizim yuk mashinalarida ham ishlatiladi
Yangi texnologiya faqat yengil elektromobillar uchun emas, balki og‘ir tijorat yuk mashinalarida ham qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.
Keyingi bosqichda yirik tijorat transport vositalariga 150 kVtgacha quvvat uzatish sinovlari o‘tkaziladi.
Shuningdek, tizim yuqori tezlikda harakatlanayotgan avtomobillarda qanday ishlashi modellashtiriladi.
Elektromagnit xavfsizlik ham tekshiriladi
Mutaxassislar harakat vaqtida dinamik quvvatlash samaradorligini baholash bilan birga, yo‘l infratuzilmasining elektromagnit himoyasini ham takomillashtiradi.
Honda va uning hamkorlari ushbu texnologiya elektromobillarning uzoq masofaga harakatlanish imkoniyatini kengaytirishi va katta sig‘imli batareyalarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirishi mumkinligini kutmoqda.
Avvalroq «Kursiv» yangi Damas 3 qanday kamchiliklarga egaligi haqida yozgan edi.