O‘zbekistonda «makler»lar davri tugaydimi? Rieltorlik bozorida yangi qoidalar va yagona reyestr joriy etiladi

eʼlon qilindi
2026-yil 8-noyabrdan ko‘chmas mulk agentlari yagona reyestrga kiritiladi, bozorda esa multilisting tizimi joriy etiladi
Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda rieltorlik bozorini tartibga soluvchi yangi qoidalar joriy etiladi. Bu haqda 8-oktabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot anjumanida Kursiv Uzbekistan muxbiriga ma’lum qilindi.

2026-yil 7-avgustda qabul qilingan «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sohadagi vakolatli davlat organi etib belgilangan. Qonun rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tib, ya’ni 8-noyabrdan kuchga kiradi.

Agentlik direktori Sohibjon Murodovning aytishicha, yangi tartib rieltorlik bozorida shaffoflikni oshirish va professional xizmatlar sifatini yaxshilashga qaratilgan.

«Rieltorlar, rieltorlik tashkilotlari va ko‘chmas mulk agentlarining yagona ochiq reyestri shakllantiriladi. Shuningdek, malaka sertifikati, kasbiy tayyorgarlik talablari va rieltorlik xizmatlarining milliy standartlari joriy etiladi», — dedi Murodov.

Shuningdek, o’qing: O‘zbekistonda 100 trln so‘mlik davlat aktivlari va 8 ming gektar yer sotuvga chiqariladi

«Makler»lar uchun yangi maqom paydo bo‘ladi

Agentlik bosh mutaxassisi Mirjabbor Mirkamolovning aytishicha, yangi qonunda ko‘chmas mulk agenti degan alohida toifa paydo bo‘ladi.

Amaldagi tartibda rieltor malaka sertifikatiga ega bo‘lishi kerak. Ko‘chmas mulk agenti esa malaka sertifikatisiz, qonuniy shartnoma asosida axborot-maslahat va reklama xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

«Rieltorlik sohasida xalq tilida «makler» ataladigan norasmiy bozor bor. Shu faoliyatni qonuniy maydonga olib kirish uchun ko‘chmas mulk agenti toifasi joriy etilyapti», — dedi Mirkamolov.

Qonunda rieltorlik xizmatlarining to‘rtta turi — vositachilik, axborot-maslahat va reklama, auksion savdolarini tashkil etish hamda ko‘chmas mulkni ishonchli boshqarish xizmatlari belgilangan.

Barcha ko‘chmas mulk e’lonlari bitta tizimda jamlanadi

Yana bir yangilik — O‘zbekistonda multilisting tizimi yaratilishi. Unda ko‘chmas mulk obyektlari, ularning narxi va bozor ishtirokchilari haqidagi ma’lumotlar yagona elektron platformada jamlanadi.

Mirkamolovning aytishicha, tizimdan fuqarolar, ko‘chmas mulk egalari va rieltorlar sutka davomida foydalanishi mumkin bo‘ladi. Undagi ma’lumotlar esa tekshirilgan va yangilanib boradigan bazaga aylanishi rejalashtirilgan.

OLX va boshqa platformalarda agentni tekshirish osonlashishi mumkin

Agentlik multilisting tizimini xususiy e’lon platformalari bilan integratsiya qilishni ham rejalashtirmoqda. Masalan, ko‘chmas mulk agenti OLX, Uybor yoki boshqa saytda e’lon joylashtirsa, platforma orqali uning qonuniy faoliyat yuritayotgani avtomatik tasdiqlanishi mumkin.

«Fuqaro alohida tekshirib o‘tirmaydi: bu agent qonuniymi yoki yo‘qmi. Tizim integratsiya orqali agent haqidagi ma’lumotni e’lonning o‘zida ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi», — dedi Murodov.

Agentlik bunday integratsiya xususiy platformalar uchun majburiy emasligini, biroq ular xohlasa ochiq axborot kanali orqali tizimga ulanishi mumkinligini ta’kidladi.

Yangi tartib uy-joy narxiga ta’sir qilmaydi

Matbuot anjumanida yangi tartib uy-joy sotish yoki ijara narxlariga ta’sir qilmasligi ta’kidlandi. Mirkamolovga ko‘ra, qonundagi o‘zgarishlar narx shakllanishiga bevosita ta’sir qilmaydi. Ko‘chmas mulk agentlari yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida qonuniy faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi.

Noqonuniy faoliyat yuritayotganlarga chora ko‘riladi

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, yagona reyestr orqali qonuniy faoliyat yuritayotgan rieltor va ko‘chmas mulk agentlarini aniqlash osonlashadi. Reyestrga kirmasdan noqonuniy xizmat ko‘rsatayotgan shaxslar aniqlansa, ma’lumotlar soliq organlari va Bosh prokuratura huzuridagi tegishli tuzilmalarga yuborilishi mumkin.

Yangi qonunda mijozlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda xizmat davomida olingan ma’lumotlar maxfiyligini saqlash bo‘yicha talablar ham belgilangan.

Avvalroq «Kursiv» UzNIF portfelidagi oltita yirik kompaniyani 2028-yilgacha fond bozoriga olib chiqish rejalashtirilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek