
Dunyodagi eng mashhur yutuberlar qatorida turadigan Jimmi Donaldson, ya’ni MrBeast, millionlab dollar sarflanadigan videolari, qimmatbaho sovg‘alari va xayriya loyihalari bilan tanilgan. Uning avtomobillarga bo‘lgan qiziqishi ham muxlislar e’tiborini tortadi. Qizig‘i, Lamborghini va boshqa superkarlarni sovg‘a qiladigan bloger kundalik hayotda Tesla elektromobilida yurishini aytgan.
MrBeast kundalik hayotda qanday avtomobil haydaydi
MrBeast 2026-yilda avtomobil mavzusiga ixtisoslashtirilgan Supercar Blondie loyihasi asoschisi Aleksandra Hirshi bilan suhbatda kundalik foydalanadigan transport vositasi haqida gapirgan.
Bloger hozirda Tesla elektromobilini boshqarayotganini bildirgan. Uning fikricha, elektr dvigatelli mashinalar zamonaviy texnologiyalari bilan an’anaviy avtomobillardan ajralib turadi.
«Hozir Tesla haydayapman», – degan MrBeast suhbat davomida.
Unga elektromobillarning, ayniqsa, katta ekranlari yoqadi. Bloger avtomobilda dam olayotganida YouTube videolarini ekranda tomosha qilish imkoniyatini qadrlashini ta’kidlagan.
Tesla Model S — bloger bilan bog‘langan elektromobil

MrBeast’ning avtomobillari haqida yozgan Autonews nashri uning garajida oq rangli Tesla Model S Performance borligini qayd etgan.
Mazkur elektromobil yuqori tezlanish ko‘rsatkichlari, keng saloni va texnologik imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bloger bilan bog‘langan 2021-yilgi versiyaning quvvati taxminan 760 ot kuchiga yetadi va avtomobil 100 km/soat tezlikka qariyb 2,5 soniyada chiqadi.
Autonews ushbu mashinaning o‘sha davrdagi qiymatini $110 ming atrofida baholagan. Biroq avtomobilning hozir ham blogerga tegishli ekani mustaqil ravishda tasdiqlanmagan.
MrBeast’ning Lamborghini avtomobillari bormi

MrBeast nomi Lamborghini Huracán Spyder va Gallardo kabi sport avtomobillari bilan ham bog‘lanadi.
Autonews va REREV kabi avtomobil nashrlari blogerning mashinalari orasida Lamborghini Huracán Spyder borligini yozgan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilgi ushbu superkarning qiymati taxminan $240 mingni tashkil etadi.
Huracán Spyder 5,2 litrli V10 dvigateli va sport avtomobillariga xos aerodinamik dizayni bilan mashhur.
Biroq bu yerda muhim jihat bor: MrBeast o‘z videolarida qimmatbaho avtomobillarni sotib olib, ularni tanlov g‘oliblariga topshiradi. Shu sababli blogerning videosida Lamborghini paydo bo‘lishi uning shaxsiy mulki ekanini anglatmaydi.
Qolaversa, Donaldson avvalgi intervyularidan birida Lamborghini haydamasligini va ataylab kamtarona turmush tarzini tanlaganini aytgan.
BMW i8 va boshqa avtomobillar

MrBeast bilan bog‘liq avtomobillar orasida BMW i8 ham tilga olinadi. Bu model benzin dvigateli va elektr motoridan foydalanadigan gibrid sport avtomobilidir.
BMW i8 futuristik tashqi ko‘rinishi, yuqoriga ochiladigan eshiklari va tejamkor texnologiyalari bilan ajralib turadi. Autonews uning qiymatini $140 ming atrofida keltirgan.
Shuningdek, avtomobilga ixtisoslashgan ayrim nashrlar blogerning mashinalari qatorida BMW 3 Series, Mercedes-Benz G-Class, Nissan Armada va Dodge Grand Caravan kabi modellarni ham sanagan.
Ammo ushbu ro‘yxatlardagi barcha avtomobillar hozir MrBeast’ning shaxsiy garajida saqlanishi haqida rasmiy va to‘liq tasdiqlangan ma’lumot mavjud emas.
Nega MrBeast qimmatbaho avtomobillarda yurmaydi
MrBeast bir necha intervyusida shaxsiy hashamatdan ko‘ra, daromadlarini yangi loyihalarga sarflashni afzal ko‘rishini tushuntirgan.
The Iced Coffee Hour podkastida bloger ishlab topgan mablag‘larini kontent yaratishga qayta investitsiya qilishini aytgan. Uning ta’kidlashicha, qimmatbaho uylar va hashamatli hayot uchun katta xarajatlar qilish biznesni rivojlantirish imkoniyatlarini cheklashi mumkin.
Shu sababli MrBeast videolarida millionlab dollar turadigan avtomobillar namoyish etilganiga qaramay, kundalik hayotida nisbatan amaliy transport vositalaridan foydalanishga intiladi.
2026-yilgi suhbatida esa u elektromobillarni tanlashining muhim sabablaridan biri zamonaviy texnologiyalar ekanini qayd etgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mashhur bloger MrBeast Toshkentga tashrif buyurib, muxlislari uchun o‘tkazilgan o‘yinlarda uch nafar ishtirokchiga 100 mln so‘mdan, jami 300 mln so‘m pul mukofoti topshirgani haqida xabar bergan edi.