
Avatr 2026-yilgi Parij avtosalonida yangi Avatr T09 konsept avtomobilini rasman namoyish etdi. Model brendning yangi flagman seriyasidagi ilk avtomobil bo‘lib, Changan, Huawei va CATL texnologiyalarini birlashtiradi.
Avatr T09 taxminan 500 ming yuanlik, ya’ni $74,6 ming atrofidagi premium SUV segmentiga mo‘ljallangan. Modelni 2026-yilda bozorga chiqarish rejalashtirilgan.
Yangi dizayn konsepsiyasi
T09 Vision Xpectra dizayn tilida yaratilgan. Avtomobilning old qismidagi panjara turli balandlikdagi 362 ta Avatr logotipi elementidan tashkil topgan.
Model ikki qavatli olmos kesimi texnologiyasi asosidagi yoritish bloklari va 2,1 kvadrat metrli yirik kapot bilan jihozlangan.

Avatr Technology raisi Chen Zhuo T09 bilan kompaniyada ikkita alohida mahsulot yo‘nalishi shakllanishini aytdi. Ulardan biri «Digital», ikkinchisi esa yangi «Flagship» seriyasi bo‘ladi.
Salonda uchta ekran o‘rnatilgan
T09 salonida «Vortex» deb nomlangan 360 darajali interaktiv tizim mavjud. Unga 118 ta RGB LED element o‘rnatilgan.
Old panelda uchta ekran joylashgan: 10,25 dyuymli raqamli asboblar paneli hamda haydovchi va old yo‘lovchi uchun ikkita 17,2 dyuymli displey.

Quvvati 1000 ot kuchidan oshadi
Avatr T09 2.0 litrli turbomotor va uchta elektr dvigatelidan iborat supergibrid tizim bilan jihozlanadi.
Tizimning umumiy quvvati 1000 ot kuchidan oshadi.
Modelga CATL’ning 71,24 kVt/soat sig‘imli Freevoy batareyasi o‘rnatiladi. CLTC sikli bo‘yicha avtomobil faqat elektr energiyasida 400 km dan ortiq masofani bosib o‘ta oladi.
Shuningdek, T09 Huawei’ning Qiankun aqlli haydash tizimi va Taihang aqlli boshqaruv texnologiyasini oladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Changan Deepal S07 PHEV avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.