
OnePlus kompaniyasi yangi OnePlus 16 flagman smartfonini rasman taqdim etdi. Qurilma Xitoyda 13-oktabrdan sotuvga chiqadi.
Boshlang‘ich 12/256 GB versiya 5999 yuan, ya’ni qariyb $895 narxda baholangan. Savdo boshlanishida esa uni 5699 yuanga, taxminan $850 ga xarid qilish mumkin bo‘ladi.
185 Hz ekran va yangi Snapdragon chipi
OnePlus 16 6,78 dyuymli 1,5K ekran bilan jihozlangan. Displey o‘yinlarda 185 Hz, tizim va ilovalarda esa 165 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Kompaniya PUBG Mobile va Delta Force o‘yinlarida 185 kadr/soniya darajasini barqaror ushlab turishni va’da qilmoqda.
Smartfon Qualcomm Snapdragon 8 Elite Extreme Gen 6 protsessorida ishlaydi. Shuningdek, qurilmada Wind Chaser Game Kernel o‘yin dvijogi mavjud.

Batareya sig‘imi 9000 mA/soat
OnePlus 16 Glacier nomli 9000 mA/soat sig‘imli batareyani oldi. Bu OnePlus flagmanlari tarixidagi eng katta batareya hisoblanadi.
Smartfon 100 Vt simli, 50 Vt simsiz va 27 Vt teskari simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, qurilmada batareyani chetlab o‘tib to‘g‘ridan-to‘g‘ri quvvat berish funksiyasi ham mavjud.
Asosiy kamera 200 MP
OnePlus 16’ning asosiy kamerasi 1/1,4 dyuymli 200 MP sensor bilan jihozlangan.
Unga 3 karra optik zumga ega 50 MP periskop telekamera va yana 50 MP ultra keng burchakli kamera qo‘shilgan. Old kamera ham 50 MP sensor olgan.
IP69K himoyasi mavjud
Smartfon korpusi IP69K darajasida chang va suvdan himoyalangan.
Shuningdek, qurilmada ultratovushli barmoq izi skaneri, stereo karnaylar, uch diapazonli GPS, NFC va USB 3.2 porti mavjud.
OnePlus 16 ColorOS 17 operatsion tizimida ishlaydi. Unda sun’iy intellekt asosidagi qaydlar, o‘quv materiallari bilan ishlash, formulalarni tarjima qilish va murakkab topshiriqlarni yechishga yordam beruvchi funksiyalar mavjud.
Narxi $850 dan boshlanadi
OnePlus 16’ning 12/256 GB versiyasi aksiyada $850, 12/512 GB modeli $970, 16/512 GB varianti $1075, 16 GB/1 TB top versiyasi esa $1225 narxda taklif etiladi.
Dastlabki xaridorlarga Oppo Enco R5 simsiz quloqchinlari va OnePlus Magnetic Ice Card Mini aksessuari sovg‘a qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri OnePlus Ace 7 9000 mA/soat batareya bilan chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.