
Samarqandda bo‘lib o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu ulkan yutuqda terma jamoaning yorqin yulduzlari Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov qatori Nodirbek Yoqubboyev ham muhim o‘rin tutdi.
Xususan, turnir taqdiriga ta’sir ko‘rsatgan Hindiston, Xitoy va AQShga qarshi bahslarda Yoqubboyevning g‘alabalari hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Kursiv Uzbekistan shu va boshqa mavzularda ikki karra Olimpiada chempioni Nodirbek Yoqubboyev bilan suhbatlashdi.
– Shaxmatga qanday kelgansiz, birinchi murabbiyingiz kim edi?

– Shaxmatga kirib kelishim dadam orqali bo‘lgan. Dadam talabalik yillarida shaxmatni o‘rganganlar. Ammo shaxmatni talabalik davrida boshlaganlari sababli bu ancha kech bo‘lgan va o‘zlari yuqori natijalarga erisha olmaganlar. Shu bois bizni shaxmatchi qilib tarbiyalashni niyat qilganlar. To‘rt-besh yoshlarimda opam bilan menga shaxmatni o‘rgatganlar. Birinchi ustozim dadam bo‘ladilar.
– Sindarov va Abdusattorov bilan yoshlikdan raqobatlashgansiz. Ularning yutuqlari sizni rag‘batlantirganmi yoki bosim o‘tkazganmi?
– Ha, Sindarov va Abdusattorov bilan yoshlikdan raqobatlashamiz. Bu raqobatda Shamsiddin Vohidov ham bor. Kimdir musobaqada boshqalardan yaxshiroq natija ko‘rsatsa, bu bir tomondan o‘z ustimizda ko‘proq ishlashga rag‘batlantiradi, ikkinchi tomondan esa ma’lum darajada bosim ham bo‘ladi.

Yaqinlaringiz ham natija kutishadi. Shuning uchun buni sog‘lom raqobat deb ayta olaman. Bir-birimizdan kuchliroq bo‘lish uchun o‘z ustimizda ko‘proq ishlashga intilganmiz. Bu biz uchun rag‘bat bo‘lgan.
– Jamoadoshlaringiz sizni «faqat 100 foiz ishonch bo‘lganda gapiradi» deb ta’riflagan. O‘zingizni qanday tasvirlagan bo‘lardingiz?

– Jamoadoshlarim meni «faqat yuz foiz ishonchi bo‘lganda gapiradi» deb ta’riflashmagan. Bu ta’rifni ko‘pincha Shamsiddin Vohidovga nisbatan ishlatamiz. Chunki u juda kam gapiradi va biror narsani aniq bilsagina gapiradi. Menga nisbatan qo‘llangan ta’rif esa g‘alabaga intilishim, nima bo‘lsa ham g‘alaba qozonishga harakat qilishim haqida. Bu ta’rifni jamoadoshim Nodirbek Abdusattorov bergan.
O‘ylaymanki, bu qaysidir ma’noda to‘g‘ri, chunki raqibim kim bo‘lishidan qat’i nazar — jahon chempioni bilan o‘ynasam ham, Magnus Karlsen bilan o‘ynasam ham — partiya boshidan g‘alaba uchun o‘ynashga harakat qilaman. Raqibim mendan kuchli bo‘lsa ham, durang uchun emas, faqat g‘alaba uchun harakat qilaman.
– Olimpiadaning 6-turida Nihal bilan partiyada vaqt bo‘yicha qiyin ahvolda edingiz. 30-yurishlarda o‘sha lahzada nimalarni o‘yladingiz? Raqibning xato qilishiga ishonganmidingiz?

– Olimpiadaning oltinchi turida Hindiston bilan to‘qnash keldik. Nihal Sarin bilan o‘ynadim. U debyutda meni hayron qoldirdi, ya’ni kutilmagan variantni tanladi. Raqibga qaraganda biroz ko‘proq vaqt yo‘qotdim va vaqtim juda kamayib ketdi. O‘ttizinchi yurishlarga kelib, vaziyat teng edi, lekin tavakkal qilib, pozitsiyani chigallashtirdim. O‘zim uchun vaziyatni biroz qiyinlashtirdim, desa ham bo‘ladi.
Oldimda ikkita yo‘l bor edi. Birinchisi — uzoq, ammo ancha qiyin himoya. Ikkinchisi esa kompyuter bahosiga ko‘ra yutqazilgan holat, lekin tuzoqlarga boy variant edi. Agar u to‘g‘ri yurishlarni topganida, katta ehtimol bilan partiyani yutqazgan bo‘lardim. Vaqtim ham kam edi. Agar u ko‘proq vaqt sarflab, to‘g‘ri yurishlarni topganida, vaziyat men uchun ancha qiyinlashardi.
O‘sha paytda juda hayajonlandim: vaziyat yomon edi va raqib to‘g‘ri yurishlarni topsa, jamoani ortga tortishim mumkin edi. Lekin omadim keldi, raqib tez-tez yurish qila boshladi va qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Bu jamoamizga hal qiluvchi g‘alabalardan birini olib keldi. Raqib xato qilguniga qadar bo‘lgan vaziyat menga juda yoqmagan, juda qiyin edi. Mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantira oldim, bundan juda xursandman.
– Samarqanddagi Olimpiadada Hindiston, Xitoy va AQShga qarshi eng qiyin o‘yinlarda g‘alabani aynan siz ta’minladingiz. Bunday mas’uliyatli rolni o‘zingiz qanchalik his qildingiz?
– Ha, Samarqanddagi Olimpiadada asosiy raqiblarimiz bilan bo‘lgan muhim bahslarda uchrashuv taqdiri mening o‘yinimga bog‘liq bo‘lib qoldi. Lekin bu oldindan rejalashtirilgan ssenariy emas edi, ya’ni menga asosiy o‘yinlarda albatta g‘alaba qozonish vazifasi yuklatilmagan. Bu jarayonda o‘z-o‘zidan yuz bergan holat.
Asosiy raqiblarimizga qarshi oq donalarda o‘ynaganim ham, bir tomondan, men uchun ustunlik bo‘ldi. Oq donalarda o‘ynaganda, ozgina ustunlik bilan boshlanadi va uni asta-sekin oshirib borishga harakat qilinadi. Lekin bahs yakuniga yaqin, o‘yinim hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotganini anglaganimda mas’uliyatni his qildim.

Yutishim va jamoaga muhim ochko olib kelishim kerakligini his qildim. Muhim o‘yinlarda ochko olib kelganimdan xursandman. Avvalgi Olimpiadalarda jamoani qutqaruvchi shaxmatchi rolida 2022-yilgi Olimpiadada Shamsiddin Vohidov va Nodirbek Abdusattorov, 2024-yilgi Olimpiadada esa Nodirbek Abdusattorov va Jahongir Vohidov bo‘lishgan.
Shuning uchun bunday vaziyat oldindan rejalashtirilmaydi. Kimga omad kulib boqib, shunday vaziyatga tushsa, bor kuchini ishga solib, jamoaga muhim ochkolarni olib kelishga harakat qiladi. Buning ham o‘ziga yarasha mas’uliyati bor. Butun jamoa va barcha muxlislar sizning o‘yiningizga qarab turishadi. Bunday paytda iloji boricha hayajonlanmasdan, o‘zini yo‘qotib qo‘ymasdan, ishonch bilan harakat qilish kerak, deb o‘ylayman.
– Opangiz Nilufar ham professional shaxmatchi. Bir-biringizning o‘yinlaringizni tahlil qilib, murabbiydek maslahat berib turasizmi?
– Opam Nilufar ham professional shaxmatchi. U ayollar o‘rtasida xalqaro grossmeyster unvoniga ega. Biz kichkinaligimizdan birga shaxmat o‘ynab, birga katta bo‘lganmiz. Hatto sinfdosh, keyin kursdosh bo‘lganmiz, bir partada ham o‘tirganmiz. Musobaqalarga ham doim birga borib, bir-birimizga qo‘ldan kelganicha yordam berganmiz.

Men ko‘pincha shaxmat masalasida yordam berib, o‘yinlarini tahlil qilishga va xatolarini ko‘rsatishga harakat qilganman. U esa kundalik yumushlar va uy-ro‘zg‘or ishlarida menga yordam bergan. Biz ota-onamizdan uzoqda yashaganmiz: 2014-yilda opam bilan Toshkentga ko‘chib kelganmiz, ota-onamiz esa Xorazmda qolishgan.
Uydan uzoqda yurganimizda, opam ko‘pincha yonimda bo‘lib, otadek ham, onadek ham yordam bergan. Men esa uning musobaqalarga tayyorlanishida, o‘yinlardan keyin xatolarini tushuntirishda va o‘rganishida yordam berishga harakat qilganman.
– Reytingda 2700 dan o‘tish sizga nimani anglatadi? Keyingi maqsad — 2750 yoki Nomzodlar turnirimi?
– Olimpiadadan keyin reytingim 2712 ga chiqdi. Lekin o‘yinimdagi kamchiliklarni o‘zim ham bilaman, bu haqda murabbiylarim bilan ham gaplashganmiz. Keyingi maqsadim shunchaki reytingni oshirish yoki musobaqada g‘alaba qozonish emas, balki kamchiliklarimni to‘g‘rilab, yanada kuchli shaxmatchiga aylanish.
O‘yinning har bir bosqichida — debyutda, o‘rta o‘yinda (middlegame) va o‘yin oxirida (endshpil) — bilimimni oshirib, kamchiliklarni bartaraf eta borsam, Xudo xohlasa, 2750 reytingga chiqish va Nomzodlar turnirida g‘alaba qozonish ham nasib qilishi mumkin. Bizning vazifamiz — xatolar ustida ishlab, ularni to‘g‘rilash va yanada kuchli bo‘lishga harakat qilish. Natijalar esa o‘z-o‘zidan keladi.
Avvalroq Kursiv nashri Nodirbek Yoqubboyev «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni bilan taqdirlangani haqida xabar bergan edi.