Markaziy bank sentabr oyida 8 ta bankka jarima qo‘lladi

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 2026-yil sentabr oyida prudensial me’yorlar va qonunchilik talablariga rioya qilmagan sakkizta bankka nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘lladi. Oy davomida qo‘mita sakkizta yig‘ilish o‘tkazib, jami 37 ta masalani ko‘rib chiqdi.
Sentabr oyidagi yig‘ilishlarda ro‘yxatga olish, ruxsat berish hamda kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holati bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 21 ta masala ko‘rib chiqildi.
Ular orasida kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, mikromoliya va to‘lov tashkilotlariga ruxsat berish, ustav fondidagi ulushga egalik qilish hamda bank rahbarlari nomzodlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq masalalar bor.
Moliyaviy holat bo‘yicha 16 ta masala muhokama qilindi
Shuningdek, o‘qing: Raqobat qo‘mitasi kreditdagi ortiqcha to‘lovlar bo‘yicha Markaziy bankka taklif yubordi
Qo‘mita kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 16 ta masalani ham ko‘rib chiqdi.
Xususan, Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlarga rioya etilishi, inspeksiya tekshiruvlari natijalari hamda moliyaviy xizmatlarni «tartibga solish qumdoni» doirasida sinovdan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar, shuningdek, prudensial normativlar va qonunchilik talablariga rioya qilinmagani uchun sakkizta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq endi banklar kredit uchun kartadagi hamma pulni yechib olmasligi ma’lum qilingandi. 2027-yil 10-yanvardan O‘zbekistonda banklar mijozning roziligisiz kredit yoki kafillik bo‘yicha to‘lovlarni undirishda uning bank kartasida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining kamida yarmiga teng pulni saqlab qolishi shart bo‘ladi. Hozirgi miqdor bo‘yicha bu 680 ming so‘mni tashkil etadi.