Avstraliyada boshidan tuyoq o‘sib chiqqan buzoq tug‘ildi

Avstraliyaning Kvinslend shtatida boshi qismidan ikkita qo‘shimcha oyoq o‘sib chiqqan buzoq tug‘ildi. O‘ziga xos jihat bilan dunyoga kelgan Spider laqabli buzoqni egalari uxlatib qo‘yib, o‘ldirishni o‘ylagan, biroq veterinarlar uni operatsiya qilishga ko‘ndirgan. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Buzoqdagi bu jihat nimadan kelib chiqqan
Sidney universiteti veterinariya fanlari maktabi vakili Imke Tammenning aytishicha, hozircha Spiderning bosh qismida qo‘shimcha oyoqlar paydo bo‘lishi sababini aniq tushuntirishning imkoni yo‘q.
Taxminlardan biriga ko‘ra, bunga parazit egizaklik hodisasi sabab bo‘lishi mumkin. Bunda embrional rivojlanishning dastlabki bosqichlarida egizaklardan birining rivojlanishi to‘xtab, uning ayrim tana qismlari ikkinchi embrion organizmida saqlanib qoladi.
Biroq Tammen boshqa ehtimollarni ham inkor etmagan. Uning ta’kidlashicha, hayvon embrionining rivojlanishidagi buzilishlar ham ortiqcha oyoqlar kabi tug‘ma anomaliyalarga olib kelishi mumkin.
Qoramollarning ayrim turlarida qo‘shimcha oyoqlar irsiy genetik kasalliklar bilan bog‘liq. Olimlar bunday nuqsonlarga aloqador ayrim mutatsiyalarni aniqlagan, ammo qo‘shimcha oyoqli hayvonlar qanchalik tez-tez tug‘ilishi hozircha noma’lum.
Spider operatsiyadan keyin tez tiklandi
Pittsworth and District Vet Services veterinariya xizmati vakili, veterinar Megan Smit o‘zining 20 yillik faoliyati davomida bunday holatga duch kelmaganini aytdi.
Qo‘shimcha oyoqlar bilan yashash Spider ulg‘aygan sari unga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin edi. Jumladan, buzoqning muvozanatni saqlashiga xalaqit berishi ehtimoli bor edi. Shu sababli veterinarlar operatsiya o‘tkazishni taklif qilgan.

Jarrohlik amaliyoti taxminan 90 daqiqa davom etgan. Shundan so‘ng Spider tez tiklana boshlagan va onasining yoniga qaytarilgan.
Avvalroq Boliviyada olimlar 100 yildan ortiq vaqt ichida fan uchun mutlaqo yangi mushuksimon turini aniqlagandi.