Isitish va issiq suv tariflari 30 foizga oshiriladi

eʼlon qilindi
Hujjat hozircha loyiha bo‘lib, yakuniy qaror qabul qilinmagan
Poytaxtning ayrim hududlarida issiq suv vaqtincha o‘chiriladi
Foto: Facebook

O‘zbekistonda markazlashgan isitish va issiq suv xizmatlari tariflarini 2026-yil 1-noyabrdan oshirish taklif qilinmoqda. Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, Toshkent shahrida isitish va hisoblagich bo‘yicha issiq suv tariflari qariyb 30 foizga qimmatlashadi.

Loyihaga ko‘ra, Toshkent shahrida «Veolia Energy Tashkent» xizmat ko‘rsatadigan hududlarda isitish tarifi 1 kvadrat metr uchun bir sutkada 314 so‘m etib belgilanmoqda. Hozirgi tarif 241,44 so‘mni tashkil qiladi. Shunday qilib, yangi narx qariyb 30 foizga yuqori bo‘ladi.

Masalan, 60 kvadrat metrli xonadon uchun isitish to‘lovi 30 kunlik oyda yangi tarif bo‘yicha 565,2 ming so‘mni tashkil qilishi mumkin. Bu hisob-kitob isitish xizmati to‘liq 30 kun davomida ko‘rsatilgan holat uchun.

Hisoblagich o‘rnatilgan xonadonlarda bir kub metr issiq suv narxini 8 928,67 so‘mdan 11 607 so‘mgacha oshirish taklif qilinmoqda. Bu ham qariyb 30 foizlik o‘sish degani.

Hisoblagichsiz issiq suv esa arzonlashishi mumkin

Toshkentda hisoblagichsiz issiq suvdan foydalanuvchilar uchun tarif boshqa yo‘nalishda o‘zgarishi mumkin. Hozir bir kishi uchun bir oylik to‘lov 52 303,39 so‘mni tashkil etsa, loyihada u 45 330 so‘m etib belgilangan. Bu qariyb 13 foizga pasayish degani.

Iqtisodchi Otabek Bakirov bunga hisoblagichsiz iste’mol uchun qo‘llanayotgan 1,5 koeffitsiyentning bekor qilinishi sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.

«Qiziq tarafi, hisoblagichsiz issiq suv tarifi jon boshiga bir oyga 52 303,39 so‘mdan 45 330 so‘mgacha arzonlaydi», – deb yozdi Bakirov.

Loyiha izohida Toshkentdagi umumiy yotoqxonalarda yashovchilar uchun markazlashgan issiq suv ta’minoti bir kishi hisobiga oyiga 33 720 so‘m bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Hududlarda tariflar bir-biridan keskin farq qiladi

Hudud / korxonaIssiqlik energiyasi, 1 GkalIsitish, 1 m² / kunIssiq suv, hisoblagichsiz 1 kishi / oyIssiq suv, hisoblagich bilan 1 m³
Qoraqalpog‘iston — «Kommunal issiqlik ta’minoti» MChJ261 69737056 42214 707
Qoraqalpog‘iston — «Taxiatosh issiqlik tarmoqlari» MChJ261 69736858 22814 417
Andijon viloyati163 09410331 1519 753
Buxoro viloyati — «Issiqlik ta’minoti» MChJ112 75321424 0846 269
Buxoro — «Buxoroenergomarkaz» AJ112 75321424 0846 269
Jizzax viloyati116 49723626 9377 107
Qashqadaryo viloyati136 30121125 3748 458
Navoiy shahri141 96014129 3867 808
Zarafshon shahri378 56041878 36420 823
Uchquduq shahri416 41645586 19822 903
Konimex tumani274 45625047 48115 095
Namangan viloyati156 19830032 6928 591
Davlatobod tumani156 19830032 6928 591
Samarqand shahri170 08427937 5909 356
Nurobod shahri477 539585102 20026 270
Surxondaryo viloyati330 99460239 7196 997
Sirdaryo viloyati93 4702597 8515 608
Toshkent viloyati133 65426828 7097 351
Angren shahri133 71824428 5358 692
Chirchiq shahri144 86124529 5377 967
Olmaliq shahri144 04020229 9827 928
Farg‘ona viloyati187 88636143 21410 523
«Qirguli issiqlik manbai» MChJ218 08330451 25012 212
Xorazm viloyati186 39430066 09512 962
Toshkent shahri — «Veolia Energy Tashkent»203 63631445 33011 607

Taklif etilayotgan tariflar hudud va xizmat ko‘rsatuvchi korxonaga qarab turlicha.

Masalan, isitish uchun bir kvadrat metrga bir kunlik tarif Andijon viloyatida 103 so‘m, Toshkent shahrida 314 so‘m, Samarqand viloyatining Nurobod shahrida 585 so‘m, Surxondaryo viloyatida esa 602 so‘m etib taklif qilingan.

Issiq suv tariflarida ham katta farq bor. Hisoblagich mavjud bo‘lganda bir kub metr issiq suv Buxoro viloyatida 6 269 so‘m, Toshkent shahrida 11 607 so‘m, Nurobodda esa 26 270 so‘mgacha yetadi.

Jamoatchilik muhokamasida ham ayrim foydalanuvchilar hududlar o‘rtasidagi bunday farqning iqtisodiy asoslarini ochiqlashni so‘ragan. Izohlardan birida tariflar farqi ishlab chiqarish xarajatlari, yonilg‘i sarfi, tarmoqlarning holati va issiqlik yo‘qotishlari bilan izohlanishi mumkinligi, biroq loyihada hududlar bo‘yicha batafsil tannarx hisob-kitoblari keltirilmagani qayd etilgan.

2028-yildan tariflar har yili indeksatsiya qilinishi mumkin

Qaror loyihasida uzoq muddatli tarif siyosati ham belgilangan. 2028-yildan boshlab markazlashgan issiqlik ta’minoti tariflarini har yili 1-maydan bir marta inflyatsiya darajasidan kelib chiqib indeksatsiya qilish taklif etilmoqda. Bunda yillik oshirish miqdori 10 foizdan yuqori bo‘lmasligi kerak.

Bu Qishloq va uy-joy kommunal xo‘jaligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklarining takliflari asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Bakirov ham aynan shu bandga e’tibor qaratib, loyiha qabul qilinsa, tariflarni muntazam indeksatsiya qilish mexanizmi paydo bo‘lishini qayd etdi.

Issiqlik tannarxini 15 foizgacha kamaytirish rejalashtirilmoqda

Tariflarni oshirish bilan birga, sohadagi xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha ham vazifalar qo‘yilmoqda.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Energiya samaradorligi milliy agentligi, Energetika vazirligi va «Issiqlikta’minoti» AJ bir oy ichida issiqlik energiyasi tannarxini 15 foizgacha kamaytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqishi kerak.

2027-yil yakunigacha issiqlik ta’minoti tizimlarini to‘liq texnik auditdan o‘tkazish va ularni modernizatsiya qilish dasturini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2027-yil yakuniga qadar tarmoqlardagi yo‘qotishlarni 25 foizga kamaytirish bo‘yicha KPI joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Bakirovning aytishicha, tariflar oshirilishi ortidan davlat budjetidan beriladigan subsidiyalar qancha qisqarishi loyiha matnida alohida ko‘rsatilmagan.

Aholi avval xizmat sifatini yaxshilashni so‘ramoqda

Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgach, fuqarolar tomonidan ko‘plab tanqidiy fikrlar bildirilgan.

Ayrim foydalanuvchilar issiq suv yetarli darajada issiq emasligi, uni olish uchun kranni bir necha daqiqa ochib turishga to‘g‘ri kelishi va qishda xonadonlar yaxshi isitilmasligidan shikoyat qilgan.

Izohlardan birida shunday deyiladi:

«Avval xizmatlar sifatini tegishli darajaga yetkazish kerak, so‘nggina tariflarni oshirish masalasini ko‘rish mumkin».

Yana bir fuqaro issiq suvni iliq holatga keltirish uchun uni 5 – 10 daqiqa oqizishga to‘g‘ri kelayotganini, uylar esa yetarli darajada isitilmayotganini yozgan. U tariflar 2026-yil noyabrida oshirilishi, tizimni modernizatsiya qilish dasturi esa keyinroq tayyorlanishiga e’tibor qaratgan.

Boshqa izohlarda ham tariflarning 30 foizga oshish sabablari aholiga batafsil tushuntirilishi va bu o‘sish daromadlar dinamikasi bilan solishtirilishi kerakligi aytilgan.

Hozircha ushbu tariflar kuchga kirgani yo‘q. Ular hukumat qarori loyihasida taklif qilingan bo‘lib, hujjat 28-oktabrga qadar jamoatchilik muhokamasida qoladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ehtiyojmand oilalar qishda qo‘llab-quvvatlanishi haqida xabar berilgandi. Xususan, Ijtimoiy reyestrga kirmagan ehtiyojmand oilalarning xarajatlarini qoplashda oilaning har bir a’zosiga qo‘llaniladigan daromad mezonini 1 million 430 ming so‘mgacha oshirish taklif qilindi. Bu orqali qo‘llab-quvvatlash qamrovi yana 166 ming oilaga kengayadi.

Shuningdek