OnePlus Ace 7 9000 mA/soat batareya bilan chiqishi mumkin

14-oktabr 2026 14:27 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
OnePlus Ace 7 9000 mA/soat batareya bilan chiqishi mumkin
Foto: SI

OnePlus yangi OnePlus Ace 7 smartfonini tayyorlamoqda. Qurilma o‘yinlarga mo‘ljallangan model sifatida ichki ventilyator va ikki kanalli faol sovitish tizimini olishi mumkin.

Digital Chat Station ma’lumotiga ko‘ra, smartfon Xitoyda oktabr oxirida taqdim etilishi kutilmoqda. Insayder qurilmaning sovitish tizimi sxemasini ham e’lon qilgan.

Ikki oqimli sovitish tizimi qo‘llanadi

Yangi tizim protsessor va orqa paneldan issiqlikni chiqarib yuborishga xizmat qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, issiq havo foydalanuvchining qo‘llaridan uzoqroqqa — yon tomonga, sovuqroq havo esa pastga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, smartfonda sun’iy intellekt asosidagi harorat sensori, ventilyator shovqinini kamaytirishga va korpus ichiga chang kirishini cheklashga qaratilgan konstruktiv yechimlar bo‘lishi mumkin.

Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori kutilmoqda

OnePlus Ace 7 Snapdragon 8 Elite Gen 5 platformasida ishlashi mumkin.

Manbaga ko‘ra, faol sovitish tizimi smartfonga uzoq davom etadigan o‘yin sessiyalarida yuqori unumdorlikni saqlab turishga yordam beradi.

Ekran 185 Hz bo‘lishi mumkin

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, OnePlus Ace 7 6,78 dyuymli OLED-ekran bilan jihozlanadi. Displey 1,5K aniqlik va 185 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.

Asosiy kameralar 200 MP va 50 MP sensorlardan iborat bo‘lishi mumkin. Old kamera esa 16 MP bo‘lishi aytilmoqda.

Batareya sig‘imi 9000 mA/soat

Smartfonga 9000 mA/soat sig‘imli batareya o‘rnatilishi mumkin. Qurilma 100 yoki 120 W tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.

Shuningdek, OnePlus Ace 7 Android 17 asosidagi ColorOS 17 operatsion tizimida ishlashi mumkin. Hozircha ushbu texnik xususiyatlar OnePlus tomonidan rasman tasdiqlanmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri OnePlus 16 savdoda iPhone 18 Pro Max’ni ortda qoldirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek