Qirg‘izistonda prezidentlikka nomzodlar davlat tilidan test topshirdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Biroq ularning ismi va test natijalari oshkor qilinmaydi
Foto: 24.kg

Qirg‘izistonda 2027-yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashishi mumkin bo‘lgan ikki kishi davlat tilini bilish bo‘yicha testdan o‘tdi. Biroq ularning ismi va test natijalari oshkor qilinmaydi. Bu haqda 24.kg nashri «Qirg‘iztest» davlat muassasasi rahbari Batma Topoyeva-Stavitskayaga tayanib xabar berdi.

Test talablari o‘zgarmagan

Batma Topoyeva-Stavitskayaning aytishicha, amaldagi tartibga muvofiq, test topshirganlarning ismlari va natijalari e’lon qilinmaydi. Prezidentlikka da’vogarlar davlat tilini bilish bo‘yicha avvalgi talablar asosida standart testdan o‘tmoqda.

Qirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovi 2027-yil 27-yanvarga belgilangan.

Japarov ham saylovda qatnashmoqchi

Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov navbatdagi saylovda ishtirok etish niyatini ochiq bildirgan. Shuningdek, sobiq ichki ishlar vaziri Omurbek Suvanaliyev va sobiq prokuratura xodimi, Moliya politsiyasining sobiq rahbari Siyymyk Japykeyev ham saylovda qatnashish rejalari haqida ma’lum qilgan.

Biroq davlat tilidan test topshirgan ikki kishining aynan shu shaxslar orasida bor-yo‘qligi hozircha noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, Jogorku Kenesh 24-sentabr kuni navbatdagi prezidentlik saylovini 2027-yil 27-yanvar kuni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgandi.

Shuningdek