Tramp Xomanaiyni o‘ldirgani uchun afsuslandimi

eʼlon qilindi
Vashington hozir Eron bilan kim orqali muzokara olib borishni aniqlashda qiynalmoqda
Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron rahbarlarini yo‘q qilishda haddan oshib ketilgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Vashington hozir Eron bilan kim orqali muzokara olib borishni aniqlashda qiynalmoqda. Tramp bu haqda 12-oktabr kuni Ogayo shtatining Yangstaun shahrida bo‘lib o‘tgan siyosiy mitingda gapirdi. Uning nutqi stenogrammasi Roll Call nashrida e’lon qilindi.

Ehtimol, rahbarlar masalasida haddan oshib ketgandirmiz

Tramp Eronning harbiy salohiyati jiddiy zaiflashganini da’vo qildi. U mamlakat harbiy-dengiz floti va boshqa harbiy imkoniyatlari yo‘q qilinganini aytib, Eron bilan muzokara olib borish masalasidagi qiyinchiliklarni ham tilga oldi.

«Ularning kemalari yo‘q, umuman hech narsasi yo‘q. Hatto yetakchilari ham yo‘q — muammo shunda. Ehtimol, rahbarlar masalasida haddan tashqari chuqurlashib ketgandirmiz, chunki endi, jin ursin, kim bilan ish olib borayotganimizni bilmaymiz», — dedi AQSh prezidenti.

Tramp, shuningdek, Eron rahbari bo‘lishni istaydigan odam topish ham qiyinlashganini ta’kidladi. Uning fikricha, bunga yangi rahbarlar ham o‘ldirilishdan qo‘rqayotgani sabab bo‘lishi mumkin.

«Biz kim bilan muzokara olib borishni aniqlashda qiynalyapmiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

Eronning oliy rahnamosi nega ommaga ko‘rinmayapti

Eronning avvalgi oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSh va Isroilning mamlakatga qarshi hujumlari vaqtida halok bo‘lgan. Shundan so‘ng uning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy oliy rahnamo etib tayinlangan.

Biroq Mujtabo Xomanaiy hamon omma oldida ko‘rinish bermayotgani sababli mamlakat rahbariyati faoliyati va qarorlar qabul qilish jarayoni yuzasidan savollar paydo bo‘lmoqda.

Reuters xabariga ko‘ra, Mujtabo Xomanaiy otasining o‘limiga sabab bo‘lgan dastlabki hujumlarda og‘ir jarohat olgan. Eron rasmiylari u mamlakatni boshqarishda davom etayotganini bildirgan, biroq uning jamoatchilik oldida ko‘rinmasligi rahbariyatning ochiqligi va boshqaruv jarayoni haqida savollarni kuchaytirgan.

U otasining dafn marosimida ham qatnashmagan. Bu holat xavfsizlik choralari va uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq xavotirlar fonida e’tiborni tortgan.

Tramp avval ham Eronni kim boshqarayotganini so‘ragan

Oktyabr oyi boshida Tramp Eronni ayni paytda kim boshqarayotganini hech kim bilmasligini aytgan edi. Bu bayonotga javoban Eron Tashqi ishlar vazirligi AQSh mamlakatdagi boshqaruv tizimi va qarorlar qanday qabul qilinishini yaxshi bilishini ta’kidlagan.

Eron davlat tizimida oliy rahnamo muhim siyosiy va harbiy vakolatlarga ega. Prezident Mas’ud Pezeshkiyon esa hukumat faoliyatiga rahbarlik qiladi. Shu sababli oliy rahnamo omma oldida ko‘rinmasa ham, bu holat mamlakatda umuman rahbariyat yo‘q degani emas.

Trampning so‘nggi bayonoti esa AQSh Eron bilan muzokaralarni kim orqali olib borishi masalasida noaniqlik mavjudligini ko‘rsatadi.

Harbiy bosim muzokaralarni murakkablashtirmoqda

AQSh va Eron o‘rtasidagi ziddiyat faqat rahbariyat masalasi bilan cheklanmaydi. Harbiy harakatlar, iqtisodiy bosim va strategik transport yo‘llari xavfsizligi ham tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sir qilmoqda.

Avvalroq AQSh hukumati Eron neftini tashishga aloqador 17 ta kema, shuningdek, ularga aloqador shaxslar va kompaniyalarga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilgandi. 

Shuningdek