Istanbulni suv bosdi: yomg‘irda 2 kishi halok bo‘ldi

eʼlon qilindi
14 yoshli bola elektr toki urishidan vafot etdi
Istanbulni suv bosdi: yomg‘irda 2 kishi halok bo‘ldi
Foto: AHaber

Istanbulda kuchli yomg‘ir va suv toshqinlari oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi. Sarıyer tumanida 200 dan ortiq odamlar suv bosgan hududlardan evakuatsiya qilindi, shahar bo‘ylab esa favqulodda xizmatlarga 2,5 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Bu haqda NTV nashri xabar berdi.

14 yoshli bola elektr toki urishidan vafot etdi

Fatih tumanidagi Chukurbostan bog‘ida 14 yoshli bola suv to‘plangan joyga qadam bosganida elektr toki urgan.

U hushsiz holatda shifoxonaga yetkazilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan. Holat yuzasidan tergov boshlangan.

Foto: Ahaber

Sarıyer tumanining Ayazağa mahallasida esa 34 yoshli fuqaro sel suvini kesib o‘tishga uringanida yiqilib, boshini yo‘l chetiga urgan. U ham shifoxonada vafot etgan.

200 dan ortiq odamlar evakuatsiya qilindi

Kuchli yog‘ingarchilik Sarıyer tumanida ayniqsa katta muammolarni yuzaga keltirdi.

Ayazağa Kemerburgaz ko‘chasidagi korxonalarda tungi smenada ishlayotgan qariyb 200 kishi suv sabab ish joylarida qolib ketgan. Ularni qutqarish uchun AFAD, o‘t o‘chirish xizmati, Sohil xavfsizlik xizmati va boshqa guruhlar jalb qilindi.

Suv sathi ayrim joylarda 4-5 metrgacha ko‘tarilgani sabab qutqaruv ishlari qayiq va baland transport vositalari yordamida olib borildi.

«Oqim juda kuchli, bu qutqaruvchilarning harakatini jiddiy qiyinlashtirmoqda», – deya vaziyatni tasvirlagan A Haber muxbiri.

Keyinchalik 200 dan ortiq fuqaro xavfsiz hududga olib chiqilgani ma’lum qilingan.

2,5 mingdan ortiq murojaatlar tushdi

Istanbul ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, soat 06:00 dan 20:00 gacha AFAD va 112 favqulodda xizmatiga jami 2 518 ta murojaat kelib tushgan.

Shundan 1 277 tasi suv bosishi, 47 tasi odamlarning qamalib qolishi, 15 tasi ko‘chki, 13 tasi daraxt qulashi va 2 tasi tom uchishi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Shuningdek, 808 ta uy, 280 ta ish joyi va 76 ta avtomobil bilan bog‘liq suv toshqini holatlari haqida xabar berilgan.

Shaharda favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish uchun 8 ming xodim hamda 2 mingta transport va maxsus texnika safarbar qilingan.

Ayrim hududlarda 242 kilogrammgacha yog‘in tushdi

Istanbul munitsipaliteti ma’lumotiga ko‘ra, ayrim hududlarda 1985-yildan beri kuzatilgan eng yuqori yog‘in ko‘rsatkichlaridan biri qayd etilgan.

Beykozda bir kvadrat metrga 242 kilogramm, Eyupsultonda 190,5 kilogramm, Sarıyerda esa 187,9 kilogramm yog‘in tushgan.

Shaharning ko‘plab hududlarida bu ko‘rsatkich bir kvadrat metrga 100 kilogrammdan oshgan.

Yo‘llar va metro bekatlarini suv bosdi

Kuchli yomg‘ir oqibatida ko‘chalar, yerosti yo‘llari, uylar, savdo obyektlari hamda ayrim metro bekatlarini suv bosgan.

Kağıthane daryosining toshishi natijasida tarixiy Sadabat masjidi va uning atrofidagi inshootlarga ham suv kirgan.

Ayrim tramvay va metro yo‘nalishlarida qatnov vaqtincha to‘xtatilgan. Yog‘ingarchilik kamaygach, T3 Kadikoy – Moda tramvayi, T1 Kabatash – Bag‘jilar tramvayi hamda M9 Atakoy – Olimpiyat metro yo‘nalishlarida harakat qayta tiklangan.

Aholiga ko‘chaga chiqmaslik tavsiya qilindi

Istanbul gubernatori Davut Gul aholini zarur bo‘lmasa uydan chiqmaslikka chaqirdi.

«Fuqarolarimizdan zarurat bo‘lmasa uylaridan chiqmasliklarini so‘raymiz. Yerto‘la qavatlarda yashovchilar tunni xavfsizroq va balandroq qavatlarda o‘tkazishi kerak», – dedi u.

Shuningdek, aholidan daryo o‘zanlari, yerosti yo‘llari va suv bosishi mumkin bo‘lgan hududlardan uzoqroq yurish so‘ralgan.

Yomon ob-havo sabab Istanbulda ta’lim bir kunga to‘xtatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda sel Damas’ni oqizib ketgani va bir kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek