O‘zbek filmi Moskvadagi kinofestivalda bosh sovrinni qo‘lga kiritdi

eʼlon qilindi
Rashid Malikov filmi Moskvada o‘tkazilgan X xalqaro «Yevrosiyo ko‘prigi» kinofestivalida eng yaxshi badiiy film deb topildi
Foto: Rashid Malikovning instagram sahifasi

O‘zbekistonlik rejissyor Rashid Malikovning «Paxta» nomli filmi Moskvada o‘tkazilgan «X xalqaro Yevrosiyo ko‘prigi» kinofestivalida eng yaxshi badiiy film deb topildi.

Joriy yilning 5 – 9-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan festivalda 14 mamlakatdan kinoijodkorlar qatnashdi. Malikovning filmi hayotdagi qiyinchiliklarni yengib, yashash uchun yangi ma’no izlayotgan ayol taqdiri haqida hikoya qiladi.

Kartinaning jahon premyerasi 2025-yil noyabrida Qohira xalqaro kinofestivalida bo‘lib o‘tgan. 2026-yil iyulida esa Sochidagi «Yevraziya Kinofest» festivalida Eng yaxshi ssenariy mukofotini olgan.

Rashid Malikov kim

Foto: Rashid Malikovning instagram sahifasi

Rashid Malikov – o‘zbek rejissyori, ssenariynavis va aktyor. U tomoshabinlarga, ayniqsa, «Chinor ostidagi duel» filmidagi Nortoy roli bilan tanilgan. Malikovning aktyorlik faoliyati ham aynan shu film bilan boshlangan. Keyinchalik u rejissyorlik va ssenariynavislikka o‘tgan.

U 1958-yilda tug‘ilgan, dastlab Toshkent tibbiyot institutini, keyinchalik esa S. A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya institutining kino rejissyorligi fakultetini tamomlagan. Uning «Klinika», «Tog‘a», «Sabot» va «Tutqunlik» kabi filmlari xalqaro festivallarda namoyish qilingan.

Avvalroq «Kursiv» o‘zbek filmlari Polsha telekanalida namoyish etilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek