Istanbuldagi o‘zbekistonliklar ob-havo bo‘yicha ogohlantirildi

eʼlon qilindi
Fuqarolarga ehtiyot bo‘lish tavsiya qilindi
Istanbuldagi o‘zbekistonliklar ob-havo bo‘yicha ogohlantirildi
Foto: Istanbul Boshkonsulxonasi

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Istanbul, Yalova va Kojaeli viloyatlarida yashayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarni ob-havo sharoitining yomonlashishi sabab ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Kuchli yomg‘ir va shamol suv toshqinlari hamda yo‘llarda harakatlanish bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Bosh konsulxona zarurat bo‘lmasa uzoq masofalarga safar qilmaslikni tavsiya etdi. Shuningdek, kuchli yog‘ingarchilik paytida suv to‘planishi mumkin bo‘lgan pastqam hududlar, yerosti yo‘llari va tunnellardan uzoqroq bo‘lish so‘ralgan.

Haydovchilarga ham ogohlantirish berildi

Avtomobil boshqarayotgan fuqarolarga tezlikni kamaytirish va xavfsiz masofani saqlash tavsiya etildi.

Bundan tashqari, dengiz sohillari, daraxtlar, elektr uzatish tarmoqlari va mustahkam o‘rnatilmagan konstruksiyalar yaqinida ehtiyotkorlikni oshirish kerakligi qayd etildi.

Rasmiy ogohlantirishlarga amal qilish so‘raldi

Bosh konsulxona Turkiyaning vakolatli idoralari tomonidan e’lon qilinayotgan rasmiy ogohlantirish va tavsiyalarga qat’iy amal qilishga chaqirdi.

Konsulxona fuqarolardan o‘z xavfsizligi va yaqinlari salomatligiga alohida e’tibor qaratishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Istanbulni suv bosgani va yomg‘irda 2 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Sarıyer tumanida 200 dan ortiq odamlar suv bosgan hududlardan evakuatsiya qilindi, shahar bo‘ylab esa favqulodda xizmatlarga 2,5 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushdi.

Shuningdek