Nodirbek Abdusattorov o‘zini Kilian Mbappega qiyosladi

eʼlon qilindi
Abdusattorovdan o‘zini futbolda qaysi futbolchiga qiyoslashi so‘raldi
Foto: UzChess

O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov fransiyalik futbol yulduzi Kilian Mbappe bilan xarakterida o‘xshashlik borligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, terma jamoa safida o‘zini boshqacha namoyon qiladi. Bu haqda shaxmatchi «Lolazor» podkastiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Terma jamoa safida o‘zgacha ochilaman»

Podkast boshlovchilari Abdusattorovdan o‘zini futbolda qaysi futbolchiga qiyoslashini so‘radi. Grossmeyster Mbappe nomini aytib, u bilan o‘rtasidagi o‘xshashlikni jamoaviy o‘yin va terma jamoa safidagi natijalar bilan izohladi.

«Menimcha, xarakterimizda o‘xshashlik bor. Men ham jamoa uchun yaxshi o‘ynayman, terma jamoa safida esa o‘zgacha ochilaman», – dedi Abdusattorov.

U Chennay, Budapesht va Samarqandda o‘tkazilgan uchta shaxmat Olimpiadasida qatnashib, atigi bir marta mag‘lub bo‘lganini ta’kidladi. Shaxmatchining aytishicha, u ushbu musobaqalarda o‘z taxtasida doim birinchi yoki ikkinchi o‘rinni egallagan.

Abdusattorov Mbappe ham Fransiya terma jamoasi safida, xususan, jahon chempionatlarida o‘zini boshqacha namoyon qilishini qayd etdi.

Abdusattorov ikki karra olimpiada chempioni

Nodirbek Abdusattorov 2022-yilda Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi bilan oltin medalni qo‘lga kiritgan.

2026-yilda Samarqandda tashkil etilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ham O‘zbekiston terma jamoasi chempionlikni takrorladi. Abdusattorov musobaqada birinchi taxtada ham oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Avvalroq o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov «Lolazor» podkastida bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan qanday tanishgani haqida gapirib bergandi.

Shuningdek