Saida Mirziyoyeva Turkiyadagi Baykar majmuasiga bordi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Turkiyaning Baykar kompaniyasi majmuasiga tashrif buyurdi. Bu haqda u o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi.
Tashrif davomida kompaniyaning yuqori texnologiyalar, jumladan, mudofaa sanoati sohasidagi ilg‘or loyihalari bilan tanishilgan.
Texnologik hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi
Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, Baykar erishgan natijalar ortida ko‘p yillik ilmiy izlanishlar, muhandislar mehnati va milliy texnologiyalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar turibdi.
U Turkiyaning bu boradagi tajribasi O‘zbekiston uchun ham muhim amaliy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
«Mutaxassislarimiz o‘rtasida tajriba almashish hamda texnologik loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun imkoniyatlar borligini ko‘rmoqdaman», – deb yozdi u.
Avvalroq Istanbuldagi ta’lim muassasalariga tashrif buyurgandi
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyeva Istanbulda Ibn Xaldun universiteti va «Yenidog‘u» maktabiga tashrif buyurgani haqida yozgan edi. Tashrif davomida ta’lim sohasidagi hamkorlik va tajriba almashish masalalari muhokama qilingan.