Mirziyoyev Osiyoda ishonch infratuzilmasini yaratishni taklif qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bokuda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etdi. Yig‘ilishda xalqaro vaziyat, mintaqaviy xavfsizlik va hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari nutqida Osiyodagi qurolli nizolar mintaqa xavfsizligi, global iqtisodiyot va millionlab insonlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Nizolarni faqat tinch yo‘l bilan hal qilish kerak
Shavkat Mirziyoyev barcha kelishmovchiliklar siyosiy-diplomatik vositalar orqali, xalqaro huquq va tomonlar manfaatlarini hisobga olgan holda hal qilinishi zarurligini qayd etdi.
Uning fikricha, OHIChK davlatlar o‘rtasida barqaror va oldindan prognoz qilinadigan munosabatlarni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
Osiyoda yaxlit ishonch infratuzilmasi taklif qilindi

Prezident Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi. Konsepsiyada davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlikni kengaytirishning aniq yo‘nalishlari belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
«Transport va energetika bo‘yicha qo‘shma loyihalar, savdo va raqamli aloqalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar almashuvlar katta ahamiyatga ega», – dedi Prezident.
Sun’iy intellekt bo‘yicha Osiyo tashabbusi ilgari surildi
Mirziyoyev texnologik rivojlanish va sun’iy intellektning tez sur’atlar bilan kengayayotganiga ham e’tibor qaratdi.
U Texnologik ishonch va sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha Osiyo tashabbusini ilgari surdi. Ushbu yo‘nalishda OHIChK huzurida ekspertlar maydonini tashkil etish taklif qilindi.
Maydonda mutaxassislar umumiy tavsiyalar ishlab chiqishi va amaliy choralarni kelishib olishi rejalashtirilmoqda.
Iqlim bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish taklif qilindi
O‘zbekiston Prezidenti OHIChK davlatlarining iqlim o‘zgarishlariga moslashish bo‘yicha sa’y-harakatlarini birlashtirish uchun Iqlim barqarorligi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni ham taklif etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston 2027-yilda Inson salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha forum o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi. Shu yo‘nalishda OHIChKning 2028-yilgacha mo‘ljallangan Harakatlar dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.
Toshkentda Qo‘shilmaslik harakati sammiti o‘tkaziladi
O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatiga raislikni qabul qilishi munosabati bilan Mirziyoyev sammit ishtirokchilarini 2027-yilda Toshkentda o‘tkaziladigan tashkilotning 20-sammitiga taklif qildi.
Prezident, shuningdek, OHIChKning tashkiliy asoslarini mustahkamlash, uning nizomini takomillashtirish va Ozarbayjonning tashkilotga raisligini 2028-yilgacha davom ettirish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev va Aliyev savdo hajmini oshirishni muhokama qilgani haqida yozgan edi.