Shimoliy Koreya yangi raketalarni sinovdan o‘tkazdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Foto: Shimoliy Koreya axborot agentligi

Shimoliy Koreya 14-oktabr kuni mamlakat sharqiy qirg‘oqlari yaqinidagi dengizda suvosti kemasidan uchiriladigan strategik qanotli raketalarning ikki turini sinovdan o‘tkazdi. Pxenyan sinovlar dengiz kuchlarining jangovar tayyorgarligi va mamlakat mudofaa salohiyatini tekshirishga qaratilganini bildirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Raketalar qaysi suvosti kemasidan uchirilgan

Shimoliy Koreyaning davlat axborot agentligi KCNA ma’lumotiga ko‘ra, sinovlar 14-oktabr kuni o‘tkazilgan, ular haqidagi xabar esa ertasi kuni e’lon qilingan.

Janubiy koreyalik harbiy tahlilchilar raketalar 2023-yilda namoyish etilgan «Hero Kim Kun Ok» suvosti kemasidan uchirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Biroq Shimoliy Koreya sinovlarda aynan qaysi suvosti kemasi qatnashganini rasman tasdiqlamadi.

Janubiy Koreya harbiylari raketalarning parvozini kuzatganini bildirdi. Ularning dastlabki bahosiga ko‘ra, raketalardan biri vertikal uchirish tizimi, ikkinchisi esa torpedo trubasi orqali uchirilgan.

Sinovda qo‘llangan raketalarning aniq texnik xususiyatlari, uchish masofasi va boshqa tafsilotlar hozircha ochiqlanmagan.

Pxenyan dengizdagi yadroviy salohiyatini kuchaytirmoqda

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In so‘nggi yillarda mamlakat harbiy-dengiz kuchlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Suvosti kemalaridan raketa uchirish imkoniyati mamlakatga ehtimoliy qarshi zarbani dengizdan amalga oshirish salohiyatini kuchaytirish imkonini beradi.

Biroq tahlilchilar Shimoliy Koreyaning suvosti kemalari to‘liq operatsion imkoniyatga ega ekanini tasdiqlovchi dalillar hozircha yetarli emasligini ta’kidlamoqda. Xususan, suv ostida uzoq muddat harakatlanish va suvosti kemasidan ballistik raketalarni muntazam uchirish imkoniyatlari to‘liq namoyish etilmagan.

Bir oy ichida raketa sinovlari ko‘paydi

Suvosti kemasidan amalga oshirilgan sinovlar Shimoliy Koreyaning oktabr oyidagi boshqa raketa namoyishlaridan keyin yuz berdi.

12-oktabr kuni Janubiy Koreya harbiylari Shimoliy Koreya hududidan sharqdagi dengiz tomon bir nechta ballistik raketa uchirilganini ma’lum qilgan. Janubiy Koreya ma’lumotiga ko‘ra, raketalardan biri 900 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgan.

13-oktabr kuni esa Shimoliy Koreya davlat OAV taktik ballistik raketaning takomillashtirilgan tarkibiy qismini sinovdan o‘tkazish muvaffaqiyatli yakunlanganini xabar qilgan.

Bu sinovlar Koreya yarimorolida har ikki tomon harbiy salohiyatini namoyish qilayotgan bir paytda yuz bermoqda. Pxenyan raketa dasturini rivojlantirishda davom etayotgan bo‘lsa, Seul ham gipertovushli qurollarni sinovdan o‘tkazgan.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan bu yil uchrashishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandik.

Shuningdek