Toshkent tumanida «zamhokim» $25 ming pora bilan ushlandi

Toshkent viloyatining Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari tadbirkordan 1 gektar yer maydonini auksion orqali olib berish evaziga 25 ming dollar talab qilganlikda gumonlanmoqda. U pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Hokim o‘rinbosari $25 ming talab qilgan
Tergovga oid ma’lumotlarga ko‘ra, mansabdor shaxs tadbirkorga qurilish texnologiyalari va kompozit eshiklar ishlab chiqarish sanoat majmuasini tashkil etish uchun tuman hokimligi balansidagi 1 gektar yerni auksion orqali olib berishni va’da qilgan.
Buning evaziga u davlat aktivlarini boshqarish tizimidagi tanishlari orqali yer maydonini auksion savdolariga chiqarib, tadbirkorga olib berish uchun 25 ming AQSh dollari talab qilgan.
Mansabdor shaxs pul olayotganida ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim o‘rinbosari talab qilingan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «g» bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Farg‘ona viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 2,5 trillion so‘mlik noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasi bilan bog‘liq holat fosh etilgandi.