Click rahbari: Markaziy bank tariflarga aralashmasligi kerak

Click asoschisi va rahbari Ulug‘bek Rustamov Markaziy bankning banklar va to‘lov tashkilotlari tariflarini to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilashiga qarshi ekanini bildirdi. Markaziy bankda moliyaviy xizmatlardagi komissiyalar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatida Click, Humo, Xalq banki va boshqa bozor ishtirokchilari komissiyalar nimadan shakllanishi va ularni kamaytirish imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.
Click’da P2P o‘tkazmasi uchun 1,1% olinadi
Ulug‘bek Rustamovning aytishicha, Click orqali kartadan kartaga pul o‘tkazishdagi komissiya hozir ayrim operatsiyalarda 1,1 foizni tashkil qiladi.
U davra suhbatida ilgari tilga olingan 1 foizlik tarif P2P emas, QR orqali savdo nuqtalaridagi to‘lovlarga taalluqli ekanini aniqlashtirdi.
«P2P paytida qaysi kartadan qaysi kartaga o‘tishiga qarab, hozir 1,1 foiz to‘lanadi. QR kodlar mavzusida esa merchant to‘laydigan 1 foizni aytgandim», – dedi Rustamov.
Click vakilining hisob-kitobiga ko‘ra, savdo nuqtalaridagi 1 foizlik komissiyaning qariyb 0,5 foizi protsessing xarajatlariga, 0,1 foizi banklarga, qolgan qismi esa merchantlarni ulash va xizmat ko‘rsatish kabi xarajatlarga ketadi.
«Markaziy bank tariflarga aralashsa, qarshi bo‘lardim»
Rustamov bozorda ayrim banklar P2P o‘tkazmalarini bepul yoki past tarifda taklif qilayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu xizmatlarning tannarxi yo‘q degani emas – bank ayrim hollarda ushbu xarajatni boshqa daromadlari hisobidan qoplaydi.
«Agar Markaziy bank bizlarning tariflarga aralashsin desa, men bunga qarshi chiqqan bo‘lardim», – dedi Click rahbari.
Uning fikricha, bozorning o‘zida raqobat mavjud bo‘lgan sharoitda yagona past tarifni majburiy belgilash fintech kompaniyalarining biznes modeliga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Rustamov Click bir mijozdan yiliga oladigan o‘rtacha daromad 2022-yildagi $4 dan hozir $2 gacha kamayganini ham aytdi. Uning ta’kidlashicha, P2P tranzaksiyalari soni o‘sayotgan bo‘lsa-da, bir mijozdan olinadigan daromad kamaymoqda va xizmat tannarxi oshmoqda.
Bakirov: gap tariflarni buyruq bilan belgilash haqida emas
Iqtisodchi Otabek Bakirov esa Markaziy bank tariflarni ma’muriy yo‘l bilan belgilashi kerakligini taklif qilmayotganini ta’kidladi.
Uning fikricha, regulyator bozordagi rag‘batlarni o‘zgartirish va raqobatni kuchaytirish orqali komissiyalarga ta’sir qilishi mumkin.
«Markaziy bank tariflarni belgilab berish tarafdori emasman. Lekin Markaziy bank hamisha raqobat va iste’molchilar tarafida turishi kerak. Bozor ishtirokchilariga buyurib emas, bozordagi rag‘batlarni o‘zgartirish orqali», – dedi Bakirov.
Bakirov to‘lov tashkilotlari biznesi va tranzaksiyalar hajmi so‘nggi yillarda bir necha o‘n baravar kengaygani fonida komissiyalar masalasi qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini bildirdi.
U shuningdek, jismoniy shaxslarning o‘ziga tegishli bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini Tezkor to‘lovlar tizimi orqali komissiyasiz amalga oshirish banklar va to‘lov tashkilotlari o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirishi mumkinligini aytdi.
Shuningdek, o‘qing: Komissiyalar kamayadimi: Markaziy bank bozorga qanday ta’sir qilishi mumkin
Humo xarajatlar oshayotganini bildirdi
Humo vakili milliy to‘lov tizimlarining xarajatlari faqat tranzaksiyaning o‘zi bilan cheklanmasligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, serverlar, optik tolali aloqa liniyalari, zaxira tizimlari va antifrod infratuzilmasini saqlash katta mablag‘ talab qiladi.
«Tranzaksion biznesning marjasi butun dunyoda kamaymoqda. Xarajatlar va tannarx esa oshmoqda», – dedi Humo vakili.
Humo vakili O‘zbekiston bozorida Humo va Uzcard mavjudligi sabab vaziyatni sof monopoliya emas, kamida duopoliya deb baholadi. Shu bilan birga, u milliy to‘lov tizimlarining Visa va Mastercard’dan tuzilishi va vazifalari jihatidan farq qilishini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yagona milliy QR-kod tizimida komissiya 0,65 foiz etib belgilangani haqida xabar berilgandi. Mazkur komissiya to‘lov jarayonida ishtirok etuvchi tomonlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Jumladan:
- 0,15 foiz – Uzcard va Humo tizimlari ulushi.
- 0,10 foiz – ekvayer bank;
- 0,20 foiz – QR-kod operatori;
- 0,15 foiz – to‘lov tashabbuskori (mobil ilova);
- 0,05 foiz – to‘lovchi bank;