AQShdagi maktabda otishma: to‘rt kishi halok bo‘ldi

eʼlon qilindi
Oregon shtatidagi boshlang‘ich maktabga qurollangan 16 yoshli o‘smir bostirib kirib, uch bola va bir o‘qituvchini o‘ldirdi
AQShdagi maktabda otishma: to‘rt kishi halok bo‘ldi
Foto: Smapse education

AQShning Oregon shtati Bend shahridagi Silver Rail Elementary School boshlang‘ich maktabida otishma sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida uch nafar bola va bir o‘qituvchi halok bo‘ldi, deb xabar berdi BBC politsiya ma’lumotlariga tayanib.

Politsiya boshlig‘i Mayk Krantsning aytishicha, 16 yoshli gumonlanuvchi yopiq eshiklarning qulflariga o‘q uzib, maktab binosiga kirgan.

Halok bo‘lgan bolalar 5, 8 va 11 yoshda edi

Hujumda 5, 8 va 11 yoshli uch bola halok bo‘lgan. Yana 7 yoshli bola hamda 54 yoshli o‘qituvchi og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketilgan.

Hozircha hujumchining maktab bilan qanday aloqasi bo‘lgani aniqlanmagan.

Hujumchini fuqaro otib o‘ldirgan

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, voqeani ko‘rgan fuqaro qurollangan o‘smirni maktab ichigacha ta’qib qilgan va unga qarshi qurol ishlatgan. Gumonlanuvchi hodisa joyida halok bo‘lgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bundan uch daqiqa o‘tib yetib kelgan va maktab binosini tekshirgan.

Dastlab avtomobilga qarata o‘q uzilgan

Politsiyaga birinchi xabar mahalliy vaqt bilan soat 12:59 da kelib tushgan. Qo‘ng‘iroq qilgan shaxs noma’lum odam uzun stvolli qurol bilan uning avtomobiliga qarata o‘q uzayotganini bildirgan.

Oradan bir necha daqiqa o‘tib, 911 xizmatiga hujumchi maktab binosiga kirgani haqida qo‘ng‘iroqlar tushgan.

Bend maktablari vaqtincha yopildi

Hodisa ortidan Bend shahridagi maktablar juma kuni yopildi. Rasmiylar bu qaror o‘quvchilar, ota-onalar va xodimlarga voqeadan keyin tiklanish uchun vaqt berish maqsadida qabul qilinganini bildirgan.

Silver Rail Elementary School’da qariyb 450 nafar bola ta’lim oladi va 40 dan ortiq xodimlar ishlaydi.

K-12 School Shooting Database ma’lumotiga ko‘ra, AQSh maktablarida o‘tgan yili 235 ta otishma bilan bog‘liq hodisa qayd etilgan, joriy yilda esa bunday holatlar soni kamida 140 taga yetgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp Xomanaiyni o‘ldirgani uchun afsuslangani haqida yozgan edi.

Shuningdek