
Amerikalik grossmeyster Hikaru Nakamura o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarovning jahon chempionati uchun tayyorgarlik jamoasiga qo‘shilgani haqidagi taxminlarga hazil bilan javob berdi. Bu haqda UzChess loyihasi ma’lum qildi.
Nakamura va Sindarovning ayni kunlarda Kiprdagi bir mehmonxonada yashayotgani muxlislar e’tiborini tortgan. Shundan so‘ng ayrimlar amerikalik grossmeyster Sindarovga tayyorgarlik jarayonida yordam berayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
Nakamura: «Men uning jamoasida emasman»
Nakamura bu taxminlarga X ijtimoiy tarmog‘ida hazil bilan munosabat bildirdi.
«Men uning jamoasida emasman. Faqat 2.Ke2 yurishi bo‘yicha biroz maslahat beryapman», — deb yozdi u.
Gap shaxmatdagi mashhur «Bongcloud» deb ataluvchi hazilomuz debyut g‘oyasi haqida ketmoqda. Unda shoh o‘yinning juda erta bosqichida oldinga yuradi.
Karlsen va Gukeshni ham hazilga qo‘shdi
Nakamura hazilini davom ettirib, bu yurishni avval Magnus Karlsenga qarshi jahon chempionati uchun tayyorlaganini aytgan.
U, shuningdek, Karlsen ham amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuga xuddi shu yurish bo‘yicha maslahat berayotgan bo‘lishi mumkinligini hazil tariqasida yozgan.
«Ko‘ramiz, Sindarovmi yoki Gukeshmi — 2.Ke2 yurishini kim yaxshiroq qo‘llar ekan», — deya postini yakunlagan Nakamura.
Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi jahon chempionligi uchun bahs 24-noyabrda boshlanishi rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» Javohir Sindarov FIDE live-reytingida to‘rtinchi o‘ringa chiqqani haqida yozgan edi.