Toshkentda avtobuslar uchun 18 km ga yaqin alohida yo‘lak quriladi

Poytaxtning to‘rtta yo‘nalishida avtobuslar uchun umumiy uzunligi 17,9 km bo‘lgan alohida yo‘laklar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Toshkent shahar hokimligining ma’lum qilishicha, loyiha uchun qariyb 6,5 mlrd so‘m talab etiladi.
Yo‘laklar qaysi ko‘chalarda quriladi
Loyihaga Muqimiy ko‘chasining 4,6 km qismi, Qoratosh va Ko‘kcha Darvoza ko‘chalarining 4,2 km qismi, Parkent ko‘chasining 2,8 km qismi hamda Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasining 6,3 km qismi kiritilgan.
Mutaxassislar avval jamoat transporti qatnovi mavjud bo‘lgan 150 km dan ortiq yo‘llarni tahlil qilgan va birinchi bosqichda aynan shu to‘rtta yo‘nalishda ish boshlashni tavsiya qilgan.
Loyiha uchun 6,5 mlrd so‘m kerak bo‘ladi
Poytaxt hokimining tegishli qarori imzolangan. Hozir loyiha hujjatlari uchun budjet shakllantirilmoqda. Xarajatlarni Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplash rejalashtirilgan. Loyiha doirasida faqat avtobus yo‘lagi emas, balki bekatlar, yo‘l ko‘rsatkichlari, yoritish tizimi va piyodalar uchun qulay yo‘nalishlar ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentdagi avtomobillar soni har yili taxminan 30 mingtaga oshmoqda. Shu sabab avtobuslarning umumiy oqimda tezlikni yo‘qotmasligi uchun alohida yo‘laklarni bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» Toshkentda avtobuslar uchun ajratilgan 36 ta yo‘lak ishga tushirilishi rejalashtirilgani haqida yozgan edi.