O‘zbekiston Saudiya, Ozarbayjon va Turkiya bilan energetika loyihalarini kengaytiradi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonining ACWA kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abu Nayyan hamda Turkiyaning Chengiz Holding kompaniyasi rahbari Mehmet Chengiz bilan uchrashib, energetika va infratuzilma sohalaridagi yirik investitsiya loyihalarini muhokama qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvlar 16-oktabr kuni yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi investorlar kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Saudiya Arabistoni bilan yashil energetika loyihalari
Davlat rahbari Saudiya Arabistonining O‘zbekiston bilan hamkorligi tobora kengayib borayotganini qayd etdi. Hozirda ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokida yashil energetika, zamonaviy infratuzilma, yuqori texnologiyalar va sog‘liqni saqlash sohalarida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

ACWA kompaniyasi boshqaruvi raisi, O‘zbekiston – Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi Muhammad Abu Nayyan bilan uchrashuvda ustuvor qo‘shma loyihalarni jadallashtirish va erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida bajarish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar amaliy hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga tayyor ekanini bildirdi. Saudiya Arabistoni vakillari O‘zbekistonda investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlarni ham e’tirof etdi.
Turkiya bilan energetika va infratuzilma hamkorligi
Mirziyoyev Turkiyaning Chengiz Holding kompaniyasi boshqaruvi raisi Mehmet Chengiz bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi ortib borayotgani va yirik investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Muzokaralarda energetika, geologiya va infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, issiqlik elektr stansiyalarini qurish hamda elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvlarda asosiy e’tibor mavjud kelishuvlarni amalga oshirish va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni jadallashtirishga qaratildi.
Ustyurt platosidagi konlarni o‘zlashtirish jadallashtiriladi
Mirziyoyev Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi rahbari Rovshan Najaf va British Petroleum kompaniyasining katta vitse-prezidenti Jovanni Kristofolini qabul qildi.
Muloqotda O‘zbekistonning ushbu kompaniyalar bilan energetika sohasidagi hamkorligi, xususan, Ustyurt platosidagi uglevodorod konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha navbatdagi amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi. BP kompaniyasining ushbu yirik loyihaga qo‘shilgani alohida qayd etildi.

Shuningdek, neft-gaz sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish, neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berish hamda sotish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish masalalariga e’tibor qaratildi.
Avvalroq O‘zbekistonda suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimini 2027-yilda butun respublika bo‘ylab xususiy sektorga o‘tkazish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.