Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi

17-oktabr 2026 17:12 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Prezidentning 16-oktabrdagi qaroriga ko‘ra, akademiya davlat oliy ta’lim tashkiloti bo‘lib, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.

Akademiya Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasi o‘rtasidagi qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil qilinadi.

Qo‘shma dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasi diplomi beriladi.

O‘quv jarayoni 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanadi. Talabalarni qabul qilish umumiy belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.

Akademiya o‘z ta’lim dasturlarini ham ochadi

Akademiyaga qo‘shma ta’lim dasturlaridan tashqari, o‘z dasturlari asosida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlashga ruxsat beriladi.

2027/2028-o‘quv yilidan to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal korxonalari buyurtmasi asosida dual ta’lim tizimi ham joriy qilinadi.

Shuningdek, davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim dizaynlarini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish yo‘lga qo‘yiladi.

Texnikum bitiruvchilari uchinchi kursdan o‘qishi mumkin

2027/2028-o‘quv yilidan yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan ayrim bitiruvchilarga akademiyaning bakalavriat bosqichida uchinchi kursdan o‘qishni davom ettirish imkoniyati beriladi.

Buning uchun ularning o‘rtacha bali akademiya belgilagan ko‘rsatkichdan past bo‘lmasligi kerak. Ta’lim to‘lov-kontrakt asosida davom ettiriladi.

400 o‘rinli talabalar turarjoyi quriladi

Akademiya talabalari uchun davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turarjoyini qurish rejalashtirilgan. Uni 2028-yil oxirigacha foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.

Ungacha Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutidan akademiyaga o‘tkaziladigan talabalar institut yotoqxonasidan foydalanishi mumkin.

Akademiyaga jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar, ma’muriy xodimlar, ularning oila a’zolari hamda xorijiy talabalar uchun ko‘p martalik vizalar berish va yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan tartibda ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilning kuzida qanday kiyinish uslublari trendda bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Who What Wear nashri sharhlovchilariga ko‘ra, bu kuzda minimalistik uslub o‘rnini yorqin fakturalar, e’tiborni tortuvchi detallar va retro uslubdagi kiyimlar egallaydi.

Shuningdek