Xalqaro tadbirlar sababli Samarqand shahriga kirish yo‘llari vaqtincha yopiladi

Samarqand shahrida xalqaro miqyosdagi muhim tadbirlar o‘tkazilishi va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 18-oktabrdan 22-oktabrga qadar shaharga kirish yo‘llari hamda ayrim ko‘chalarda transport vositalari harakati vaqti-vaqti bilan cheklanadi. Bu haqda Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi ma’lum qildi.
Xalqaro uchrashuvlar va sammit
Samarqand shahri 19 – 20-oktabr kunlari «C5+1» formatidagi Markaziy Osiyo va AQSh tashqi ishlar vazirlari uchrashuviga mezbonlik qiladi. Shuningdek, 21 – 22-oktabr kunlari shaharda bolalar farovonligi va kelajagiga bag‘ishlangan Butunjahon sammiti bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbirlarda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlaridan nufuzli mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Harakati cheklanadigan ko‘chalar va aylanma yo‘llar
Tadbirlar davomida shaharning Ibn Sino, Bo‘stonsaroy, Universitet xiyoboni, Registon, Afrosiyob, Namozgoh, Sadriddin Ayniy, Shabbod, Usta Umar Jo‘raqulov, Shohizinda, Mirzo Ulug‘bek, Beruniy, Dahbed, Rudakiy, Gulobod va Oydin yo‘li ko‘chalarida transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatiladi.
Yo‘l harakati ishtirokchilari hamda viloyat hududidan tranzit o‘tuvchi transport vositalari uchun aylanma yo‘llar orqali harakatlanish tashkil etiladi. Istisno tariqasida, tezkor va maxsus xizmat avtotransport vositalarining harakatlanishiga ruxsat beriladi.
Avvalroq Kursiv nashri Toshkentdagi qator ko‘chalarda 9 kunga transport harakati cheklangani haqida xabar bergan edi.