Sirdaryoda ayolga shahvoniy shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamaldi

Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida yo‘l chetida savdo qilayotgan ayolga shahvoniy shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi. Bu haqda «Milliy» telekanalining «Millar» dasturida ma’lum qilindi.
Hodisa M39 avtomobil yo‘li bo‘yida sodir bo‘lgan.
Erkak ayolga pul evaziga jinsiy aloqa taklif qilgan
Ish hujjatlariga ko‘ra, mast holatda bo‘lgan erkak savdo qilayotgan ayolning oldiga borib, unga pul evaziga jinsiy aloqa qilishni taklif etgan va shahvoniy shilqimlik qilgan.
Jabrlanuvchi holat yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qilgan.
Shundan so‘ng huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41¹-moddasi 1-qismi – shahvoniy shilqimlik qilish bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga yuborilgan.
Sudda aybini tan oldi
Sud majlisida erkak aybiga to‘liq iqror bo‘lib, harakatlarini mast holatda sodir etganini aytgan va yengillik so‘ragan.
Jabrlanuvchi esa unga nisbatan qonun doirasida qat’iy chora ko‘rilishini talab qilgan.
«Qattiq chora ko‘ring. Bunaqalar kelib, shu narsani qilaveradimi? O‘g‘illarim bundan katta yoshda. Eng asosiysi, masala kattalashib ketmasin deb, o‘zim hal qildim va organ xodimlariga topshirdim», – dedi jabrlanuvchi sudda.
5 sutka ma’muriy qamoq tayinlandi
Sud aniqlangan holatlar va jabrlanuvchining talabini inobatga olib, erkakka 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
Bundan tashqari, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish masalasida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirildi.
Avvalroq «Kursiv» Qibray tumanida 7 kg marixuana va pnevmatik qurol aniqlangani haqida yozgan edi.