«O‘zbekiston pochtasi» aksiyalari bir haftada 45 foizga qimmatlashdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 9-oktabrdan 16-oktabrgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 2,6 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «O‘zbekiston pochtasi» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 45,10 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Garant bank» aksiyalari (+39,98) va «Kafolat sug‘urta kompaniyasi»ning imtiyozli aksiyalari (+38,34%)da ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «BRB» aksiyalari 32,98 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, «Buxoroneftgazparmalash» (-20,50%) va «O‘ztransgaz» (-15,14%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqat «Agrobank», «Aloqabank», «Kapital sug‘urta»ning ham oddiy ham imtiyozli va «Kafolat sug‘urta kompaniyasi»ning oddiy aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Bitimlar soni bo‘yicha UzNIF (4 150 ta), «BRB» (3 340 ta) va «Hamkorbank» (3 111 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «Hamkorbank» (6,66 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. UzNIF (1,76 mlrd so‘m) va «Uzbekinvest» (1,66 mlrd so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda ilk valyuta obligatsiyalari ro‘yxatga olindi
Yuqori likvidli aksiyalardan 30 tasi haftani ijobiy, beshtasi o‘zgarishsiz va 22 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 22 mlrd so‘m bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq murojaatlar bo‘yicha salbiy ko‘rsatkichlarga ega banklar ma’lum qilingandi. Markaziy bank bank xizmatlari sifati va mijozlar murojaatlarini tahlil qilib, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushi eng yuqori bo‘lgan banklarni e’lon qildi.