Toshkentda 978 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori aniqlandi

Toshkent shahrida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holat aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Dorilar avtomobil yukxonasidan topildi
Tadbir davomida Gentra rusumli avtomobil ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruvda avtomobil yukxonasida sotish maqsadida olib ketilayotgani aytilgan 978 dona «Regapen» dori vositasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 276⁶-moddasi – giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bog‘liq norma asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Namanganda muddati o‘tgan dorilar savdosi aniqlangani haqida yozgan edi.