Mirziyoyev Turkmaniston vakili bilan chegaradagi vaziyatni baholadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni Samarqandda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan uchrashdi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish, savdo hajmini oshirish va mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Turkmaniston rahbarlarining salomi yetkazildi
Rashid Meredov O‘zbekistonga Samarqandda o‘tkazilayotgan «C5+1» formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun kelgan.
Suhbat avvalida u Shavkat Mirziyoyevga Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi hamda ezgu tilaklarini yetkazdi.
Savdo va transport aloqalari kengaymoqda
Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar barcha darajalardagi aloqalar faollashib borayotganini qayd etdi. Yaqinda ikki mamlakat o‘rtasida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashi tashkil etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari ham izchil oshmoqda.
Shuningdek, «Shovot – Toshovuz» chegaraoldi savdo zonasining faoliyati ijobiy baholandi.
Hududlar forumi va madaniy tadbirlarga tayyorgarlik
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar, shuningdek, uchinchi Hududlar forumini hamda Turkmaniston shaharlarida o‘tkaziladigan O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlarini puxta tayyorlash masalalariga e’tibor qaratdi.
Muloqot davomida mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz, 18-oktabr kuni transport infratuzilmasi hamda zamonaviy shaharsozlik loyihalari bilan tanishish maqsadida Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, safarni Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qilishdan boshlagani haqida xabar berilgandi.